O‘zbekiston | 08:28 / 28.07.2020
1537
4 daqiqa o‘qiladi

Tarmoqlararo energiyani tejash jamg‘armasining vazifalari belgilanadi

Energetika vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Tarmoqlararo energiyani tejash jamg‘armasi Nizomi tasdiqlanadi.

Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Tarmoqlararo energiyani tejash jamg‘armasi Nizomini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e'lon qilindi.

Nizom O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Tarmoqlararo energiyani tejash jamg‘armasining vazifalari, huquq va majburiyatlari, shuningdek mablag‘larni shakllantirish va ulardan foydalanish tartibini belgilaydi.

Jamg‘armaning asosiy maqsadi iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohalarda hamda aholi xonadonlarida energiya samaradorligi loyihalarini amalga oshirishga investitsiyalarni jalb qilish va moliyalashtirishdir.

Quyidagilar Jamg‘armaning vazifalari va faoliyatining asosiy yo‘nalishlari hisoblanadi:

  • tijorat banklari bilan birgalikda loyihalarni moliyalashtirish;
  • energiya samaradorligi bo‘yicha moliyaviy bitimlarda kredit tavakkalchiligida qatnashish;
  • grant asosida energiya samaradorligini oshirish loyihalarini rivojlantirishda ma'muriy xarajatlarni qisman qoplash;
  • iqtisodiyot tarmoqlari korxonalarining ishlab chiqarish jarayonlarida, shuningdek ijtimoiy soha obektlari va aholi xonadonlarida zamonaviy energiya tejamkor texnologiyalar hamda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini joriy etilishida bank bilan kelishilgan holda imtiyozli kredit berish;
  • daromad olish va ushbu olingan daromadlarni qaytadan kichik energetika sohasini rivojlantirishga yo‘naltirish;
  • iqtisodiyot tarmoqlari, ijtimoiy soha obektlari va aholi xonadonlarida energiya samaradorligini oshirish, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini joriy etish va energiya samaradorligi loyihalarini va energiya tejamkorlik tadbirlarini ekspert guruhi xulosalariga ko‘ra moliyalashtirish (moliyaviy qarz berish) va amalga oshirilishini monitoring qilish;
  • iqtisodiyot tarmoqlarida energiya samarador va energiya tejamkor texnologiyalar, asbob-uskunalar va materiallarni ishlab chiqarish va joriy etishda ishtirok etish;
  • energiya tejamkorligi va energiya samaradorligini oshirish sohasida xalqaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish;
  • energiya samaradorligini oshirish va energiya tejamkorligi bo‘yicha tadbirlarni amalga oshirishda yoqilg‘i-energetika resurslarini ishlab chiqaruvchilar va iste'molchilarga o‘rnatilgan tartibda imtiyozli ravishda moliyaviy qarz berish;
  • ikkilamchi energiya manbalari va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini hamda kichik energetikani rivojlantirish bilan bog‘liq tadbirlarni amalga oshirishda ishtirok etish;
  • iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy soha obektlarida energetik tekshiruvlarni o‘tkazish tadbirlarida ko‘maklashish;
  • yoqilg‘i-energiya resurslarining iste'molini tartibga solish, yoqilg‘i-energiya resurslarini ishlab chiqaruvchilar va iste'molchilarini hisobga olish uskunalari bilan jihozlanishiga hissa qo‘shish;
  • iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy soha obektlarida hamda aholi xonadonlarida qayta tiklanuvchi energiya manbalarini joriy etishga ko‘maklashish;
  • yoqilg‘i-energiya resurslari iste'molini qisqartirish va oqilona foydalanishga qaratilgan Energetika vazirligi faoliyatini ta'minlash va iqtisodiyot tarmoqlari tashkilotlarida energetik tekshiruvlarni o‘tkazilishida foydalaniladigan texnologik uskunalar va texnik vositalarni xarid qilinishini qisman yoki to‘liq moliyalashtirish;
  • iqtisodiyot tarmoqlari tashkilotlari uchun energiya tejamkor uskunalarni xarid qilish va o‘rnatilishida amaliy yordam ko‘rsatish;
  • Jamg‘arma Kuzatuv kengashining qaroriga muvofiq energiya samaradorligi loyihalarini moliyalashtirish;
  • amaldagi qonunchilikka zid bo‘lmagan boshqa energiya tejamkorligi tadbirlarini amalga oshirishni moliyalashtirish;
  • energiya tejamkorligi va energiya samaradorligi yo‘nalishida mutaxassislarni tayyorlash va ularning malakasini oshirishda ko‘maklashish;
  • yoqilg‘i-energiya resurslaridan oqilona foydalanish yuzasidan targ‘ibot va axborot ta'minotini tashkil etishda ishtirok etish.
Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid