Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Deputat OTMlardagi korrupsiyalashgan amaliyotlarni sanab, yangi agentlikdan bunga e'tibor qaratishni so‘radi
Bugungi kunda OTMlarning o‘quv-uslubiy, ilmiy, ma'naviy-ma'rifiy ishlar bo‘yicha faoliyatidan tashqari yana qator yo‘nalishlarda korrupsiogen holatlar saqlanib qolmoqda, deb hisoblaydi Oliy Majlis deputati Muhammad Valiyev.
Deputatning Adolat sotsial-demokratik partiyasi saytida e'lon qilingan fikrlariga ko‘ra, OTMlarda korrupsiya saqlanib qolayotgan yo‘nalishlar quyidagilar hisoblanadi:
- Ta'lim muassasalari hududida tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish to‘liq OTM rahbariyati tomonidan monopollashtirilgani, OTM hududida ovqatlanish maskanlari, kanselyariya va kompyuter xizmatlari, nashriyot, qo‘shimcha mablag‘ keltiruvchi faoliyat yuzasidan ijara pullarni shartnomada kichik miqdorda ko‘rsatish, amalda esa qolgan summani naqd holatda o‘zlashtirish jarayoni;
- OTMlarni ta'mirlash va yangi binolar qurilishi uchun ajratilgan mablag‘larni o‘zlashtirish, ta'mirlash uchun zarur bo‘lgan mahsulotlarning tender xujjatlarini soxtalashtirish, o‘ziga «qarashli» firmalar tomonidan tender yutib olinishini ta'minlash, qurilish materiallari uchun ajratilgan mablag‘larni «tanish» korxonalarga pul ko‘chirish yo‘li bilan (narxlari oshirilgan holda) sotib olish va o‘rtadagi farqni haq sifatida olish jarayoni;
- OTMlarning moddiy-texnik bazasini yangilash maqsadida sotib olinayotgan mahsulotlarni OTM rahbariyatining yaqinlari va qarindoshlari tomonidan asos solingan korxonalardan bir necha barobar qimmat narxlarda xarid qilish, texnik xizmat ko‘rsatishga belgilanganidan ko‘proq miqdorda mablag‘ ajratish;
- OTM rahbarlari o‘zlariga «yaqin» professor-o‘qituvchilar va xodimlar nomiga pulli mukofot yozib, ma'lum qismini o‘zlashtirish xolatlari;
- Talabalar turar joylariga talabalarni joylashtirish hamda u yerdagi tashkiliy masalalarga talabalardan qo‘shimcha tarzda mablag‘ yig‘ish jarayoni.
Muhammad Valiyevga ko‘ra, keltirib o‘tilgan muammolar ro‘yxati bu bilan cheklanmaydi.
«Bu kabi tizimli muammolar deyarli har bir OTMda uchrab turishi Oliy va o‘rta-maxsus ta'lim vazirligi uchun ham yangilik emas. Lekin bu muammolar yillar davomida bartaraf etilmagani OTMlarning asosiy vazifasi bo‘lgan sifatli ta'lim berishiga ham to‘sqinlik qilmoqda», – deydi u.
Parlament a'zosi bu kabi korrutsiogen holatlarga yangi tuzilgan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi e'tibor qaratishi va ularni bartaraf etishda har bir OTM jamoasining fikrini yashirin tarzda o‘rganishi maqsadga muvofiqligini ta'kidlagan.
«O‘rganish natijalari ochiq holatda jamoatchilikka oshkor etilsagina bunday salbiy holatlarning oldi olinardi. Zero koronavirus pandemiyasi ko‘plab sohalar kabi ta'lim tizimidagi muammolarni yaqqol namoyon etib berdi. Bu muammolarni bugun bartaraf etmasak, kelajak avlod bizni kechirmaydi», – deydi deputat.
Mavzuga oid
20:43 / 08.06.2026
Sudyalar uchun daromad va mol-mulk deklaratsiyasini taqdim etish tizimi ishga tushiriladi
09:10 / 07.06.2026
AES narxi ochiqlandi, yirik pudrat sxemasi fosh bo‘ldi - hafta dayjesti
10:32 / 03.06.2026
Sho‘rtan GKMni kengaytirish doirasidagi 643 mlrd so‘mlik talon-toroj fosh etildi
16:01 / 02.06.2026