Jahon | 00:33 / 29.07.2020
4606
2 daqiqa o‘qiladi

Kodak farmatsevtika bilan shug‘ullanishi haqidagi xabar ortida uning aksiyalari 300 foizga qimmatladi 

Eastman Kodak kompaniyasi aksiyalari The Wall Street Journal nashri uning farmatsevtika bozorida ishlay boshlashini xabar qilgandan keyin deyarli 300 foizga qimmatladi.

Foto: Adam Fenster /Reuters

Nashrning xabar qilishicha, bir vaqtlar fotoqurilmalar ishlab chiqarish sanoati yetakchilaridan biri bo‘lgan kompaniya AQSh hukumatidan farmatsevtika sanoati uchun ingrediyentlar yetkazib berish uchun 765 mln dollarlik kredit olgan. 

Gap kompaniya tomonidan jyeneriklar va bezgakka qarshi dori vositasi – gidroksixloroxin ishlab chiqarilishi haqida bormoqda. WSJ’ning nomi ma'lum qilinmagan amerikalik amaldorlarga tayanib ta'kidlashicha, Kodak’ning dori-darmon vositalari ishlab chiqarilishiga jalb qilinishi Oq uy rahbari Donald Trampning AQShning xorijdan, jumladan Xitoy va Hindistondan dori-darmon importiga bog‘liqligini kamaytirishga qaratilgan strategiyasining bir qismi hisoblanadi.   

Kompaniya bankrotlik sharoitida 2012-2013 yillarda qayta shakllantirilib, tasvirlar, videokontentni qayta ishlash va bosish hamda tegishli dasturiy ta'minot va qurilmalarni ishlab chiqarish biznesi bilan shug‘ullana boshlagan.  

Ta'kidlanishicha, Kodak’ga davlat krediti AQShning mudofaa sanoati haqidagi qonunining qo‘llanishi doirasida taqdim etilgan. Bu qonun 1950 yilda Koreya urushi vaqtida qabul qilingan bo‘lib, u AQShda harbiy va fuqarolik mudofaasi ehtiyojlari uchun zarur bo‘lgan mahsulotlarni ustuvor tartibda ishlab chiqarish imkonini beradi.   

AQSh prezidenti Donald Tramp ushbu qonunni 2017 yilda aviakosmik sanoat va telekommunikatsiya uchun bir qator butlovchi qismlarni ishlab chiqarish uchun ilk bor qo‘llagan. Oq uy rahbari ushbu qonundan 2020 yil bahorida, koronavirus pandemiyasi boshlangan vaqtda ikkinchi marta foydalangan.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid