Jahon | 18:00 / 29.07.2020
12062
2 daqiqa o‘qiladi

KXDR koronavirus tufayli xavf-xatarning oliy darajasini e'lon qildi

Koreya Xalq Demokratik Respublikasida mamlakatga koronavirus kirib kelgani tufayli, xavf-xatarning oliy darajasi e'lon qilindi.

Foto: AP

Rossiya elchixonasi xabariga ko‘ra, diplomatlarga Pxenyanni tark etmaslik va «Keson shahrida halokatli ofat yuzaga kelish xavfi tufayli» joriy qilingan antikoronavirus choralariga amal qilish, xususan, 5 odamdan ortiq miqdorda to‘planmaslik tavsiya qilingan. Poytaxtda xiyobonlar va muzeylar yopilgan.

«Bizga Pxenyandan chiqmaslik va mamlakat bo‘ylab safar qilmaslik, ko‘plab xodimlar ishtirok etadigan tadbirlarni, qabullarni, do‘stona uchrashuvlarni o‘tkazmaslik, odamlar to‘planadigan jamoat joylariga bormaslik tavsiya qilindi», - deyiladi Rossiya elchixonasining Facebook sahifasidagi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, 19 iyul kuni chegarani yashirin yo‘llar bilan noqonuniy kesib o‘tgan va Janubiy Koreyadan Keson shahriga qaytib kelgan 24 yoshli erkakda koronavirus aniqlangani e'lon qilindi. Bu KXDRda tan olingan ilk holat bo‘ldi. Bungacha hukumat mamlakat hududi koronavirusdan xoli ekanini ta'kidlab keldi.

Ammo Janubiy Koreya bayonotiga ko‘ra, bu erkak Covid-19 bilan xastalangan yoki shunday kasalligi bor bemorlar bilan aloqada bo‘lgan inson sifatida ro‘yxatdan o‘tmagan.

Mavzuga oid