Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Norboyeva: «Davlat organlari vakillarining ba'zida bilib-bilmay aytgan gap-so‘zlari yoki xatti-harakatlari reytinglardagi o‘rnimizga salbiy ta'sir qiladi»
Joriy yilning 2 iyun kuni prezident “O‘zbekiston Respublikasining xalqaro reyting va indekslardagi o‘rnini yaxshilash hamda davlat organlari va tashkilotlarida ular bilan tizimli ishlashning yangi mexanizmini joriy qilish to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi.
Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva mazkur farmon ijrosini ta'minlash, mamlakatning xalqaro reyting va indekslardagi o‘rnini mustahkamlash borasida qilinayotgan ishlar xususida o‘z fikrini bildirdi.
Uning aytishicha, xalqaro reyting va indekslardagi mamlakat o‘rnining yaxshilanishi ko‘p jihatdan qabul qilayotgan qonunlarning joylardagi ijrosiga bog‘liq. Xalqaro reyting va indekslar bilan ishlash mamlakat uchun butkul yangi yo‘nalish hisoblanadi.
Norboyeva vazirlik va idoralar, sud va prokuratura organlari, mahalliy hokimliklar bunga qay darajada tayyor ekani haqida gapirdi:
“Albatta, bu ko‘p vaqt sarflanadigan, progressiv bilimlarni talab etuvchi yangi jarayonlardan biri. Bu, shubhasiz, mas'ul davlat organlarining o‘zlariga biriktirilgan xalqaro reyting va indekslar metodologiyasini izchillik bilan o‘rganish, uni to‘g‘ri talqin qila olgan holda amaliyotga tatbiq eta olish, xalqaro reyting va indeksni beruvchi tashkilot bilan aloqalarni o‘rnata olish bilan bog‘liqdir.
Ochig‘i, barcha vazirlik va idoralar, ayniqsa, joylardagi hokimliklar yoki parlament a'zolarining barchasi ham masalaning tub mohiyatini to‘la anglab yetdi, deb aytish mushkul. Yuqorida aytganimdek, reyting va indekslar joylardagi vaziyatga bog‘liq, qonunlarning ijrosiga bog‘liq. Ming afsuski, joylardagi hokimliklar yoki davlat organlari vakillarining ba'zida bilib-bilmay aytgan gap-so‘zlari yoki xatti-harakatlari reyting va indekslardagi o‘rnimizga salbiy ta'sir qiladi.
Shu o‘rinda barcha rahbarlar, ular qaysi darajadagi rahbar bo‘lishidan qat'i nazar, o‘z harakatlarini qonunlarda belgilangan tartibda amalga oshirishlari zarur ekanini yana bir karra ta'kidlamoqchiman. Odamlar bilan muloqotlarda esa inson sha'ni va qadr-qimmati hurmat qilinishi shart.
Har bir tizimda ishlarimizni samarali tashkil etish maqsadida barcha vazirlik va idoralarda xalqaro reyting va indekslar bilan ishlash bo‘yicha tarkibiy bo‘linmalar tashkil etilishiga erishdik. Bu esa ishimizni ancha osonlashtiradi. Ajratilgan alohida xodimlar doimiy ravishda o‘zlarining vazirligi yoki idorasi mas'ul bo‘lgan xalqaro reyting va indeks bo‘yicha ish olib boradi.
Xalqaro reyting va indekslarning ahamiyati, oldimizda turgan ustuvor vazifalarni belgilash, reyting agentliklarining metodologiyalarini o‘rganish maqsadida mahalliy hokimliklar hamda vazirlik va idoralar mas'ullari uchun maxsus treninglarni boshladik.
Shu bilan birga, eng asosiy ishimiz qonunlar va boshqa normativ-huquqiy hujjatlarning amaldagi ijrosini, bir so‘z bilan aytganda, qonun ustuvorligini ta'minlashdir. Bu borada biz parlament va jamoatchilik nazoratini qat'iy yo‘lga qo‘yishga kirishdik va, albatta, ijobiy natijalarga erishamiz”, - dedi Senat raisi.
Shuningdek, uning so‘zlariga ko‘ra, siyosiy-huquqiy reyting va indekslarda mamlakat o‘rinlari nisbatan quyi pog‘onalardadir.
Mavzuga oid
08:50 / 15.07.2026
Dunyoda yashash uchun eng qulay davlatlar reytingi ma’lum bo‘ldi
08:46 / 14.07.2026
Dunyoda eng ko‘p tankka ega davlatlar ma’lum qilindi
17:06 / 10.07.2026
Tanzila Norboyeva: Xalqaro reyting va indekslarda munosib o‘rin egallash - bu shunchaki raqam yoki statistika emas
20:56 / 06.07.2026