Turizm | 08:50
1092
3 daqiqa o‘qiladi

Dunyoda yashash uchun eng qulay davlatlar reytingi ma’lum bo‘ldi

Wharton biznes maktabi tayyorlagan Best Countries 2026 reytingiga ko‘ra, hayot sifati eng yuqori bo‘lgan davlatlar ro‘yxatida Shvetsiya birinchi o‘rinni egalladi. Reyting xavfsizlik, sog‘liqni saqlash, ta’lim, iqtisodiy imkoniyatlar, davlat xizmatlari va ijtimoiy infratuzilma kabi ko‘rsatkichlar asosida shakllantirilgan.

Foto: REUTERS

Tadqiqot 33 mamlakatdan 15 131 nafar ishtirokchi o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rov natijalariga asoslangan. Mutaxassislar odamlarning qaysi mamlakatlarda hayot sifati yuqori deb hisoblashiga oid fikrlarini o‘rgangan.

2026 yilgi reytingda Shvetsiya eng yuqori natijani qayd etib, Daniya va Kanadani ortda qoldirdi. Undan keyingi o‘rinlarni Finlandiya, Norvegiya, Shveytsariya, Niderlandiya va boshqa rivojlangan davlatlar egalladi.

Tadqiqotda jami 85 ta davlat qamrab olingan. Mamlakatlar yalpi ichki mahsulot hajmi, to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar oqimi, turizm salohiyati va inson taraqqiyoti darajasi kabi mezonlarga muvofiq saralangan. Barcha davlatlar ko‘rsatkichi 100 ball olgan Shvetsiya natijasiga nisbatan baholangan.



Mualliflarning ta’kidlashicha, reytingning yuqori pog‘onalaridan o‘rin olgan davlatlarni birlashtirib turuvchi asosiy omillar — samarali davlat boshqaruvi, sifatli va ommabop tibbiyot, yuqori darajadagi xavfsizlik, kuchli ijtimoiy himoya hamda fuqarolarning davlat institutlariga bo‘lgan ishonchi.

Reytingda Yevropa davlatlari yaqqol ustunlik qildi. Eng yaxshi 30 mamlakatning 20 tasi Yevropa qit’asida joylashgan.

Tadqiqot natijalari boshqa nufuzli xalqaro baholashlar bilan ham uyg‘un. Masalan, Finlandiya ketma-ket to‘qqizinchi yil Jahon baxt indeksida birinchi o‘rinni egallab kelmoqda. Daniya, Norvegiya va Shvetsiya ham aholi farovonligi, ijtimoiy ishonch va hayotdan qoniqish darajasi bo‘yicha doimiy ravishda yetakchilar qatorida.

Reytingning quyi qismida esa uzoq davom etayotgan qurolli mojarolar, siyosiy beqarorlik va iqtisodiy muammolarga duch kelgan davlatlar joy olgan. Hayot sifati eng past baholangan mamlakat Ukraina bo‘ldi. Undan keyin Eron va Livan qayd etildi.

Tadqiqot mualliflari ta’kidlashicha, bugungi kunda mamlakatning iqtisodiy qudratining o‘zi yetarli emas. Yuqori hayot sifati samarali davlat boshqaruvi, xavfsizlik, sifatli tibbiyot, kuchli ijtimoiy himoya va jamiyatdagi o‘zaro ishonch bilan ta’minlanadi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid