Light | 23:07 / 29.07.2020
35915
4 daqiqa o‘qiladi

Semizlik, diabet va yurak kasalliklari xavfini kamaytirish: JSSTning 5 tavsiyasi

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tavsiyalariga ko‘ra, ovqatlanish bilan bog‘liq 5ta jihatga e'tibor berish orqali inson salomatligini mustahkamlashi va turli xavfli kasalliklardan yiroq bo‘lishi mumkin.

Foto: Global Look Press/West Coast Surfer

Bu 5 talabning birinchisiga inson hali chaqaloq ekanida e'tibor qaratilishi kerak bo‘ladi.

Ona suti – zaruriy barcha ozuqalarni bera oladi

Farzand tug‘ilgandan boshlab to 6 oylik bo‘lguncha uni ona suti bilan chaqaloq talabiga mos tartibda oziqlantirish tavsiya etiladi. Bola 6 oylik bo‘lgan paytdan boshlab esa turli vitaminlarga boy va xavfsiz oziq-ovqatlarni uning ratsioniga qo‘shish mumkin. Kichik yoshli bolalar va chaqaloqlarning ovqatlariga tuz va shakar qo‘shish kerak emas.

Ona suti bilan oziqlanish orqali bola sog‘lom o‘sishi uchun zaruriy ozuqa va suyuqliklarni oladi. Ko‘krak suti bilan oziqlantirilgan bolalar diareya, respirator infeksiyalari va quloq kasalliklaridan ham uzoq bo‘ladi.

Ona suti bilan oziqlantirilgan odamlar orasida yurak kasalliklari, qandli diabet kam uchraydi, ular semizlikdan ham kam aziyat chekishadi.

Xilma-xil mahsulotlar iste'moli

Insonning ovqatlanish ratsionida xilma-xil mahsulotlar bo‘lishi kerak. Masalan, bug‘doy, arpa, makkajo‘xori, sabzavotlar, dukkakli mahsulotlar, meva va go‘sht mahsulotlari doimiy tanavvul qilinishi kerak. Kerakli mahsulotlarni me'yorda iste'mol qilish inson organizmida balansni ushlab turishiga yordam beradi.

Shuningdek, bu bilan organizmning tarkibida shakar, yog‘, tuz yuqori bo‘lgan mahsulotlarga talabi pasayadi va ortiqcha vaznning oldi oladi.

Ko‘p meva va sabzavot iste'mol qilish kerak

  • Turli xil meva va sabzavotlarni iste'mol qilish lozim;
  • Tanavvul uchun dasturxonni yog‘li, tuzli va shakarli ovqatlar o‘rniga sabzavot va mevalar bilan ko‘proq boyitish zarur;
  • Vitaminlarni o‘zida saqlab qolishi uchun meva va sabzavotlarni juda ko‘p muddat pishirmaslik lozim;
  • Quritilgan yoki qadoqlangan meva va sabzavotlar tanlaganda ham tarkibida tuz yoki shakar yo‘q bo‘lgan variantini tanlash maqsadga muvofiq.

Meva va sabzavotlar – vitaminlar, minerallar, antioksidantlarning asosiy manbayi hisoblanadi. Ularni muntazam iste'mol qilish bilan insonning semizlikka chalinish xavfi kamayadi, qandli diabet, yurak kasalliklari va turli saraton kasalliklariga chalinish ehtimoli pasayadi.

Me'yorda yog‘ iste'mol qilish zarur

  • To‘yingan yog‘lar (palma yog‘i, turli hayvon yog‘lari) o‘rniga to‘yintirilmagan yog‘lar (zaytun, kungaboqar yog‘i) iste'mol qilish zarur;
  • Oq go‘sht, ya'ni tovuq va baliq mahsulotlarini ham iste'mol qilib turish kerak;
  • Yarim tayyor go‘sht mahsulotlarini faqat chegaralangan miqdorda iste'mol qilish lozim, sababi ular tarkibida yog‘ va tuz miqdori yuqori bo‘lishi mumkin;
  • Imkon qadar qovurilgan mahsulotlarni kam yeyish lozim.

Yog‘larni ko‘p iste'mol qilish, ayniqsa, noto‘g‘ri yog‘larni iste'mol qilish inson salomatligi uchun zarar hisoblanadi. To‘yingan yog‘larni ko‘p iste'mol qiladigan insonlarda yurak kasalliklari xavfi ham yuqori bo‘ladi.

Imkon qadar kam tuz va shakar iste'mol qilish lozim

  • Ovqat pishirayotganda va yegulik tayyorlayotganda imkon qadar kam tuz va souslardan foydalanish;
  • Tarkibida tuz va shakar yuqori ovqatlardan chegaralanish, shakari yuqori bo‘lgan gazli ichimliklar va siroplarni ko‘p ichmaslik;
  • Turli shirinliklar, tort yoki shokolad o‘rniga mevalarni ko‘proq afzal ko‘rish lozim.

Ko‘p tuz iste'mol qiluvchi odamlarda yuqori qon bosimi xavfi bo‘ladi va bu yurak kasalliklariga, infarktga moyillikni oshiradi. Xuddi shuningdek, shakarli narsalarni haddan ortiq yaxshi ko‘ruvchilarda semizlik xavfi yuqori bo‘ladi, tish kasalliklari ko‘p uchraydi.

Mavzuga oid