O‘zbekiston | 09:16 / 19.11.2025
1439
4 daqiqa o‘qiladi

AQSh elchixonasi semizlik vizani rad etish uchun asos bo‘la olmasligini ma’lum qildi

So‘nggi kunlarda OAVda «semizlik va surunkali kasallikka chalinganlik AQSh vizasini rad etishga sabab bo‘lishi mumkin» degan xabarlar tarqaldi. AQShning O‘zbekistondagi elchixonasi rasmiy bayonot berib, semizlik vizani rad etish uchun avtomatik asos emasligini, qoidalar o‘zgarmaganini va har bir ariza alohida tarzda ko‘rib chiqilishi ta’kidladi.

Foto: Shutterstock

O‘tgan hafta ommaviy axborot vositalarida AQSh viza siyosatida go‘yo o‘zgarishlar bo‘layotgani haqida xabarlar paydo bo‘ldi. Ayrim nashrlar semizlik va surunkali kasalliklar AQSh vizasini berishni rad etish uchun asos bo‘lishi mumkin, degan mazmundagi ma’lumotlarni tarqatdi.

Ma’lum qilinishicha, joriy yil 6 noyabr kuni KFF Health News nashri AQSh Davlat departamentining konsullik muassasalariga yuborilgan ichki xizmat hujjati haqida material e’lon qilgan. Unda surunkali kasalliklarning turli ko‘rinishlarini, jumladan yurak-qon tomir kasalliklari, diabet, saraton va semirishni inobatga olish tavsiya etilgan.

AQSh qonunchiligida «jamoat to‘lovi» atamasi davlat yordamiga, nafaqa yoki tibbiy xizmatga qaram bo‘lib qolish ehtimoli yuqori bo‘lgan shaxsga nisbatan qo‘llanadi. The Washington Post nashri ham ushbu hujjatga e’tibor qaratgan holda, konsullik xodimlariga mezonlarni kengroq talqin qilish bo‘yicha ichki ko‘rsatmalar berilganini qayd etdi. Shu bilan birga, ekspertlar bu qonunchilikdagi emas, balki ichki uslubiy ko‘rsatma ekanini ta’kidladi.

Qator OAV xalqaro nashrlardagi materiallarni noto‘g‘ri tarzda talqin qilib, keng muhokamalarga sabab bo‘ldi.

AQShning Toshkentdagi elchixonasi “Dunyo” AA so‘roviga javoban mazkur talqinlar haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini ko‘rsatdi. Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, B toifadagi kasalliklar ro‘yxati o‘zgarmagan, viza berish to‘g‘risidagi qaror esa talabgorning arizasi va ma’lumotlariga kompleks baho berish asosida qabul qilinadi.

Elchixona ta’kidlashicha, AQSh Kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazlari (CDC) ko‘rsatmalari va Tashqi ishlar bo‘yicha qo‘llanma (FAM) qoidalariga muvofiq, semizlik vizani avtomatik rad etish yoki shaxsni mamlakatga kirishga yaroqsiz, deb topish uchun asos bo‘ladigan kasalliklar ro‘yxatiga kiritilmagan.

B toifali holat — tibbiy me’yordan chetga chiqish bo‘lib, u da’vogarning o‘zini parvarish qilishi, o‘qish yoki ishlashga to‘sqinlik qilishi, kelgusida jiddiy davolanish yoki kasalxonaga yotqizishni talab qilishi mumkin. Biroq, semizlikning o‘zi avtomatik rad etish sabablari qatoriga kirmaydi.

Elchixona ma’lumotiga ko‘ra, viza rasmiylashtirishda tibbiy ko‘riklar, avvalo, jamoat uchun xavf tug‘diradigan yuqumli kasalliklarni aniqlash, shuningdek, atrofdagilar uchun bevosita xavf tug‘dirishi mumkin bo‘lgan ruhiy va jismoniy holatlarni baholashga qaratilgan.

Diplomatik vakolatxona vakillari amaldagi qoidaga ko‘ra, immigratsiya vizasi talabgorlari AQShda yashash va zarurat bo‘lsa, davolanish xarajatlarini amerikalik soliq to‘lovchilar hisobiga emas, o‘z hisobidan qoplay olishiga ishonch hosil qilish muhim ekanini qayd etdi.

AQSh elchixonasi semizlik vizani rad etish uchun avtomatik asos emasligini, hech qanday rasmiy “semizlarga viza yo‘q” tartibi joriy etilmaganini va har bir ariza berish holati individual tarzda ko‘rib chiqilishini rasman ma’lum qildi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid