O‘zbekiston | 00:04 / 30.07.2020
10951
3 daqiqa o‘qiladi

AQSh O‘zbekistonga 902 ming dollarlik tibbiyot vositalari va laboratoriya jihozlarini hadya qildi

AQShning pandemiya davrida O‘zbekistonga ko‘rsatgan yordami qiymati 6 mln dollardan oshdi.

28 iyul kuni AQSh Kasalliklar nazorati va profilaktikasi markazlari (CDC) O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligiga qiymati 902 000 dollarga teng tibbiyot vositalari va laboratoriya jihozlarini hadya qildi.

Kun.uz`ga ma'lum qilishlaricha, taqdim etilgan vositalar zamonaviy polimeraz zanjir reaksiyasi (PZR) uskunalaridan foydalangan holda 25 000 ta COVID-19 testlarini o‘tkazishga imkon beradi.

Ushbu texnologiya odam organizmida virusli DNK mavjudligini kasallik belgilari paydo bo‘lishidan avval aniqlaydi, bu esa sog‘liqni saqlash muassasalariga bemorni juda erta izolyatsiya qilish hamda pandemiyani tugatish uchun muhim bo‘lgan yuqish zanjirini uzishga imkon beradi.

«COVID-19 pandemiyasi – biz uchun umumiy dushman va umumiy javobgarlikdir. Ushbu yordam uzoq vaqtdan buyon AQSh hukumatining O‘zbekistonning jamoatchilik sog‘lig‘ini saqlash yo‘lidagi tahdidlarga qarshi kurashida yordam berishga sodiqligiga asoslangan. Ushbu sheriklik epidemiya boshlanishidan ancha oldin boshlangan va u tugaganidan keyin ham davom etadi», – deydi AQSh muvaqqat ishlar vakili Alan Melser.

Mazkur yordam O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligini koronavirusga qarshi kurashda qo‘llab-quvvatlash uchun CDC e'lon qilgan 2,07 million dollarning bir qismi hisoblanadi.

Ta'kidlanishicha, kasallik avj ola borishi bilan CDC O‘zbekistonga shoshilinch tibbiy yordam markazlari tashkil etish, chegaradan o‘tish joylarida tibbiy ko‘rikni yaxshilash, klinik va laboratoriya nazorati, ma'lumotlar ustida ishlash va kontaktlar kuzatuvi bo‘yicha onlayn maslahatlar ham berib borgan.

AQSh hukumati Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) orqali koronavirusga qarshi kurash uchun tibbiy, laboratoriya va texnik ko‘mak sifatida yana qo‘shimcha qariyb 4,2 million dollar taqdim etgan, bugungi kungacha AQShning bu borada O‘zbekistonga ko‘rsatgan umumiy yordami 6 million dollardan oshgan.

Ma'lumot uchun, CDC Markaziy Osiyo hukumatlari bilan sog‘liqni saqlash masalalari bo‘yicha uzoq yillardan buyon hamkorlik qilib keladi. Markaz mintaqadagi ilk idorasini 1995 yili Olmaotada ochgan va bugungi kunda Qozog‘iston, Qirg‘iziston, O‘zbekiston va Tojikistonda o‘z vakolatxonalariga ega.

«CDC kasalliklarning oldini olish, aniqlash va ularga qarshi kurashishni yaxshiroq amalga oshirish maqsadida har bir mamlakatdagi Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan birgalikda mahalliy laboratoriyalar, kasalliklarni nazorat qilish va ishchi kuchini mustahkamlash ustida ish olib boradi», – deyiladi rasmiy relizda.

Комрон Чегабоев
Tayyorlagan Комрон Чегабоев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid