Jahon | 08:32 / 30.07.2020
3037
2 daqiqa o‘qiladi

AQShning yirik IT-kompaniyalari rahbarlari Xitoy ulardan texnologiyalar o‘g‘irlashini rad etishdi 

AQShning yirik IT-kompaniyalari - Amazon, Apple va Google rahbarlari Xitoy hukumati ularning kompaniyalaridan biror-bir texnologiya o‘g‘irlagan, deb hisoblamaydilar. Ular bu haqida AQSh kongressi vakillar palatasi yuridik qo‘mitasining antimonopol siyosat bo‘yicha bo‘limidagi tinglovlar vaqtida ma'lum qilishdi.   

Ta'kidlanishicha, jarayonda ishtirok etgan har bir tadbirkordan Xitoy AQSh biznesidan texnologiyalar o‘g‘irlashi haqida so‘ralgan. Apple rahbari Tim Kuk unga bunday holatlar haqida ma'lum emasligi bilan javob bergan. Amazon rahbari Jyeff Bezos ham bunday holatlarga shaxsan to‘qnash kelmagani va bunga biror misol keltira olmasligini aytgan. 

Google direktori Sundar Pichai Xitoy rasmiy idoralari u boshchilik qiladigan kompaniyadan texnologiyalar o‘g‘irlagani haqidagi ma'lumotlarga ega emasligini, biroq 2009 yilda Google Xitoydagi shaxslar tomonidan kiberhujumga uchraganini ta'kidlab o‘tgan.

Tinglovlarda Facebook kompaniyasi direktori Mark Tsukerberg ham ishtirok etgan. U yuqoridagi savolga Xitoy idoralari AQShdagi texnologiyalarni o‘g‘irlagani haqidagi ma'lumotlar batafsil hujjatlashtirilgan deb hisoblashini aytgan, biroq bunday holatlar Facebook bilan yuz bergani borasida aniqlik kiritmagan.

Kompaniyalar rahbarlaridan kongress boshqa davlatlarning tajovuzkor harakatlaridan himoyalanish uchun qanday choralar ko‘rishi kerakligi borasida takliflar bildirish so‘ralgan. Biroq tadbirkorlarning barchasi bunga javob bermaslikni ma'qul ko‘rgan.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid