Jamiyat | 14:52 / 30.07.2020
7446
2 daqiqa o‘qiladi

Bosh vazir o‘rinbosari koronavirus statistikasiga oid fikrlarga munosabat bildirdi

Bosh vazir o‘rinbosari Behzod Musayev «O‘zbekiston 24» telekanaliga bergan intervyusida koronavirusga chalingan bemorlarning haqiqiy statistikasi e'lon qilinmayotgani va xorijdagi vatandoshlarni qaytarmaslik haqidagi fikrlarga munosabat bildirdi.

«Sog‘liqni saqlash tizimiga tegishli hududlardan yuborilayotgan barcha ma'lumotlar yig‘ilib, oshkor qilib borilmoqda. Biroq tana harorati ko‘tarilgan yoki holsizlangan va hech kimni xabardor qilmasdan uyida qolayotgan insonlar haqida ma'lumotga ega emasmiz.

Agar fuqarolar oilaviy poliklinikalar, ularning patronaj tizimiga yoki biror klinikaga ma'lumot bermasa, kimdir so‘raganda ahvolim yaxshi deb javob beradigan bo‘lsa, bu statistikaga tushadigan ma'lumot bo‘la olmaydi. Va biz bunday fuqarolardan kasal sifatida xabardor bo‘lmaymiz», dedi Behzod Musayev.

Bosh vazir o‘rinbosari shu kunga qadar kasallik qariyb 80 foiz holatda yengil va simptomsiz o‘tganini va shuning uchun bemorlarning hammasini qamrab olishni ta'minlash maqsadida oilaviy poliklinikalar qoshida alohida mobil guruhlar tuzilganini, bu guruhlar uyma-uy yurib bemorlarni ro‘yxatga olayotganini ham aytib o‘tdi.

Shuningdek, u xorijdan olib kelinayotgan vatandoshlar masalasiga ham to‘xtaldi.

«Xorijdan kelayotgan vatandoshlarimiz unutilgani yo‘q. Hozirga qadar 200 mingdan ortiq fuqarolar vatanga qaytdi, epidemiya rivojlanishiga qaramay chegaralarni ham yopmadik. Ayni paytda kuniga 2 ming nafardan ortiq fuqaro charter reyslari orqali yoki qo‘shni davlatlar chegarasidan O‘zbekistonga kirib kelmoqda.

Xorijdagi vatandoshlarimizni qaytarib olib kelmaslik haqida ko‘p mulohazalar ham bo‘ldi. Biroq nega bunday bo‘lishi kerak? Bu yer - ularning vatani, bu yerda ularning ota-onasi, oilasi bor. Shuning uchun ularni ham vatanga qaytarish uchun barcha imkoniyatlar ishga solinmoqda», deya qayd etdi u.

Mavzuga oid