O‘zbekiston | 19:30 / 31.07.2020
5698
7 daqiqa o‘qiladi
Reklama

Yevropa ittifoqining “AGROCOMP” texnik ko‘mak loyihasi qishloq xo‘jaligi sohasini rivojlantirishda muhim omil bo‘lmoqda

Mamlakatimizda oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlashning asosiy yo‘nalishlaridan biri sifatida qishloq xo‘jaligini isloh qilish, xususan sohaga bozor munosabatlarini keng joriy qilish, investitsiyalar oqimini ko‘paytirish, resurstejamkor texnologiyalarni joriy etish iqtisodiy barqarorlikka erishishning ajralmas qismiga aylandi.

Shu bilan birga, ishlab chiqarishni diversifikatsiya qilish, qulay agrobiznes muhitini va yuqori qo‘shilgan qiymat zanjirini yaratish, kooperatsiya munosabatlarini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash, sohaga bozor mexanizmlarini, axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish, shuningdek, ilm-fan yutuqlaridan samarali foydalanish globallashuv davrining dolzarb masalasidir.

Aynan ushbu maqsadlarni o‘zida mujassamlashtirgan Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilayotgan “AGROCOMP” texnik ko‘mak loyihasi
2017-2020 yillar davomida O‘zbekistonda ham amalga oshirildi.

 

Loyihaning maqsadini O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi raisi Adham Ikramov shunday tushuntiradi – “Yevropa Ittifoqining oziq-ovqat sanoati va agrobiznes sohasida faoliyat yuritayotgan yetakchi korxonalarining ilg‘or tajribasini o‘rganish va amaliyotga tatbiq qilish, shuningdek, qishloq xo‘jaligi sohasida mahalliy ishlab chiqaruvchilarni samarali qo‘llab-quvvatlash hamda ularni sifat jihatdan yangi raqobatbardoshlik darajasiga olib chiqish maqsadida professional mutaxassislar tarmog‘ini yaratishdan iborat”.

Ushbu loyiha Italiyaning Formaper, Milan, Monsa, Briansa, Lodi shaharlari savdo-sanoat, hunarmandchilik, va qishloq xo‘jaligi palatasi hamda konsorsiumi, O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi, Qozog‘iston Respublikasi Savdo va sanoat korxonalari uyushmasi, Qarag‘anda viloyati savdo palatasi, Jambil viloyatining ishbilarmon ayollar uyushmasi tomonidan amalga oshirilmoqda.

Mamlakatimizda ushbu loyihani amalga oshirish doirasida, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va Toshkent, Namangan viloyatlari pilot hududlar sifatida tanlab olindi hamda ushbu hududlarda asosiy ishlar tashkil etildi.

Xususan, loyihaning dastlabki bosqichida Italiya Respublikasining agrosanoat yo‘nalishidagi bir guruh mutaxassis va amaliyotchilari O‘zbekistonga kelib, sohaga oid 9 ta uzviy mavzuda o‘quv seminarlarini o‘tkazgan bo‘lsa, keyingi bosqichda pilot hududlardan saralab olingan 60 dan ortiq malakali ishbilarmon va mutaxassislar Italiya Respublikasida “Stdy visit”, “Twinning” va “Internship” dasturlari doirasida tashkil etilgan amaliyot o‘quvlarida malaka oshirishi tashkil etildi.

Loyiha menedjyeri Farrux Omonovning Yevropalik ishbilarmonlar bilan mahalliy ishbilarmonlarning malaka oshirishiga imkoniyat yaratilganligi, shuningdek ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash borasidagi ishlar natijadorligi to‘g‘risida bildirgan fikriga ko‘ra, “Albatta, mahalliy ishbilarmonlarimizga Yevropa Ittifoqining oziq-ovqat sanoati va agrobiznes sohasida faoliyat yuritayotgan yetakchi korxonalar foydalanilayotgan ilg‘or tajriba o‘rganish bu – yangilik, shu bilan birga o‘z faoliyatiga innovatsion g‘oyalarni tatbiq etishida imkoniyat hamdir”.

“Loyihani O‘zbekistonda amalga oshirish jarayonida tajriba va natijadorlik quyidagilardan iborat bo‘ldi”- deyiladi Farrux Omonov bilan bo‘lgan suhbatda:

Birinchidan, loyihaning dastlabki bosqichida biz ko‘proq agrobiznes sohasida faoliyat yuritayotgan mutaxassislar, shuningdek tadbirkorlar malakasini oshirish va o‘rganilgan xorijiy tajriba asosida mavjud faoliyatga innovatsiyalarni joriy etish hamda kengaytirishga harakat qildik.

Natijada, Yevropalik mutaxassislar tomonidan o‘tkazilgan seminarlarda qatnashgan O‘zbekistonlik mutaxassislar va tadbirkorlar sohaga oid o‘zlari uchun kerakli bo‘lgan ma'lumotlar bilan tajribalarini boyitishdi.

Ikkinchidan, birinchi bosqichda faol ishtirok etgan 60 nafar mutaxassislarimiz Italiyada tashkil etilgan xorijiy amaliyotda qatnashib ilg‘or Yevropa tajribasini o‘rganib ortga qaytishdi.

Natijada, mamlakatimizda bog‘dorchilik yo‘nalishida, jumladan olma, o‘rik, gilos va boshqa qator mevalarning yangi tur va navlari paydo bo‘lishiga erishildi hamda Yevropaning “Vitro plant” va “Battistini” ko‘chatzorlari bilan kooperativ aloqalar yo‘lga qo‘yildi.

Uchinchidan, loyiha doirasida olingan tajribani ommalashtirish bo‘yicha koronavirus pandemiyasigacha bo‘lgan davrda seminar tashkil etilgan bo‘lsa, karantin cheklovlari sharoitida esa, onlayn vebinarlar tashkil etib, ishbilarmonlar va sohaga qiziqishi bo‘lgan aholining biznes va agrosanoat sohasida bilimlarini mustahkamlash bo‘yicha tizimni yo‘lga qo‘ydik.

Natijada, aynan koronavirus pandemiyasi O‘zbekistonga kirib kelishi va tarqalishini oldini olish bo‘yicha dastlabki ko‘rilgan choralar davridan boshlab bugungi kunga qadar 50 dan ortiq onlayn (bepul) vebinarlar tashkil etildi. Ushbu vebinarlarning har biriga o‘rtacha 60-70 nafardan ishbilarmonlar va ularning vakillari ishtirok etdi.

Vebinarlarga yevropalik soha professionallari bilan hamkorlikda tajriba orttirgan va ko‘p yillik tajribaga ega bo‘lgan spikerlar jalb etilib, ular tomonidan biznesni tashkil etish, boshqarish, marketing, menedjment, servis va boshqa mavzular qamrab olindi.

Vebinarlar qayta namoyish uchun yozib olingan bo‘lib, ular https://t.me/bmguz telegram kanaliga joylashtirilib boriladi.

To‘rtinchidan, loyiha doirasida yoshlar, xotin-qizlar fermerligi va tadbirkorligiga alohida e'tibor qaratilib, yangidan faoliyatini tashkil etgan ishbilarmonlarga biznes-rejalar tayyorlash, biznesga oid bepul konsultatsiyalar olish, yuridik va psixologik ko‘mak olish hamda agrosanoat yo‘nalishi uchun tijorat banklarining xorijiy kredit liniyalari to‘g‘risida axborot olishlariga amaliy ko‘mak berib borildi.

AGROCOMP” 2017-2020 yillarga mo‘ljallangan loyiha bo‘lsa-da, ushbu davr mobaynida qishloq xo‘jaligi sanoati va agrobiznes sohasida eng muhimi mutaxassislar sinfi shakllandi, endilikda ular bilan sohani rivojlantirish, shu jumladan qishloq xo‘jaligida plantatsiyalar tashkil etish orqali mahsulot yetishtirish va ularni qayta ishlash borasidagi ishlar tizimli davom ettirish rejalashtirilgan.

Shuningdek, loyihaning asosiy maqsadlaridan biri sifatida boshlangan va bugungi kunda O‘zbekiston savdo-sanoat palatasining barcha bo‘g‘inlarida ko‘rsatilayotgan xizmatlar, shu jumladan, yangidan faoliyatini tashkil etgan ishbilarmonlarga biznes-rejalar tayyorlash, biznesga oid bepul konsultatsiyalar, tijorat banklarining xorijiy kredit liniyalari to‘g‘risida axborot, hamda agrosanoat yo‘nalishi uchun yuridik ko‘mak berish loyiha yakunlanganidan so‘ng ham doimiy ravishda ko‘rsatib borilayotganligi “AGROCOMP” loyihasining muvaffaqiyatli amalga oshirilganligini va dolzarbligini tasdiqlaydi.

Mavzuga oid