Jahon | 08:02 / 03.08.2020
17829
3 daqiqa o‘qiladi

Koronavirusning avj olishi va metroda yurish o‘rtasida hech qanday bog‘liqlik topilmadi - NYT

Jamoat transportida yurish «tasavvur qilinganidan ko‘ra ancha xavfsizroq» bo‘lishi mumkin, deb xabar berdi The New York Times. Mutaxassislarning gazetaga aytishicha, metroda yurish xonada ovqatlanishdan kamroq xavf tug‘diradi.

Koronavirus pandemiyasining ko‘lami pasayishi kuzatilgan davlatlarda jamoat transportida harakatlanish bilan bog‘liq kasallanish holatlari oshgani qayd etilmadi. Ushbu xulosaga transport agentliklarini so‘rovdan o‘tkazgan The New York Times keldi. Gazeta metroda yurish «tasavvur qilinganidan ancha xavfsizroq» bo‘lishi mumkinligini ta'kidladi.

Tadqiqot natijalariga ko‘ra, metro, shaharlararo temiryo‘l transporti va avtobuslar virus tarqalishining muhim manbai bo‘lmasligi mumkin, deya qayd etadi gazeta. Bu yo‘lovchilar niqob taqib yurgan paytida, transport esa pandemiyadan oldin kabi to‘la bo‘lmagan vaqtda dolzarb. Mutaxassislarning NYT’ga ma'lum qilishicha, metroda yurish ko‘chada piyoda yurishdan ko‘ra ko‘proq, ammo xonada ovqatlanishdan ko‘ra kamroq xavf tug‘dirishi mumkin.

Parijda kasallanganlar aloqalarini tekshirgan tibbiy xodimlarning aniqlashicha, may-iyul oyida qayd etilgan 386ta infeksiya klasterining hech biri jamoat transporti tizimiga aloqador bo‘lmagan, deya xabar beradi NYT. Shunga o‘xshash tadqiqot aprel va may oylarida o‘tkazilgan Avstriyada ham bunday holatlar topilmadi. Tokio rasmiylari virus klasterlarini «agressiv ravishda» kuzatib bordi hamda doimo to‘la bo‘ladigan shahar temiryo‘l transporti bilan hech qanday bog‘liqlikni topmadi.

Honkong ham «jamoat transporti bilan bog‘liq kasallanish holatlari o‘chog‘iga» duch kelmadi, dedi NYT’ga Honkong Xitoy universitetining Stenli Xo nomidagi yuqumli kasalliklar markazi direktori Devid Xuey. Shu bilan birga, uning ta'kidlashicha, agar odamlar uydan ishlamaganida, metro va avtobuslarning to‘la bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslik qiyinroq bo‘lardi. «Bunday holda, mening fikrimcha, kasallanishning jiddiy o‘chog‘i paydo bo‘lardi», - dedi Xo.

Odamlar, odatda, ofisda o‘tiradigan yoki biron joyga boradigan vaqtga qaraganda poyezd yoki avtobusda nisbatan kamroq vaqt bo‘lishadi, deydi NYT. Yo‘lovchilar poyezdda kamroq gaplashadi, natijada havoga kamroq suyuqlik chiqadi. Bundan tashqari, ko‘plab shaharlarda karantin choralari va uydan ish olib borilishi tufayli poyezdlardagi odamlar soni kamaydi, bu esa ijtimoiy masofa saqlashni osonlashtirdi.

Shu bilan birga, sog‘liqni saqlash bo‘yicha mutaxassislar dalillarga ehtiyotkorlik bilan qarash kerakligi haqida ogohlantirmoqda, deb yozadi nashr. Katta shaharlarda jamoat transportidan foydalanuvchi odamlar soni pandemiyadan avval kuzatilganidan ancha past. Bundan tashqari, transportda ishlatiladigan havo aylanish tizimlarining sifati turlicha, viruslarning to‘liq zanjirini kuzatib borish esa qiyin vazifadir. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid