Jahon | 11:08 / 04.08.2020
5742
4 daqiqa o‘qiladi

Tojikiston Dubay bilan muntazam aviaqatnovlarni tiklamoqda

Samolyotga faqat niqob va qo‘lqop kiygan holda hamda COVID-2019 to‘g‘risida ma'lumotnoma bilan chiqariladi.

Foto: Wikipedia

Dushanbe - Dubay - Dushanbe yo‘nalishi bo‘yicha muntazam aviareyslar qayta tiklandi: birinchi reys bugun kechqurun Dubaydan Flydubai aviakompaniyasi tomonidan amalga oshiriladi.

«Hozircha kompaniya haftasiga bitta reysni amalga oshiradi, pandemiyadan oldin bu raqam haftasiga 5tani tashkil qilgan», - deya Dushanbe xalqaro aeroporti vakili Jamila Husaynovaning so‘zlarini keltirmoqda «Aziya-Plyus».

Uning so‘zlariga ko‘ra, «Somon Eyr» aviakompaniyasi ham Dubayga parvoz qiladi: kompaniya birinchi reysni 6 avgust kuni Dushanbedan amalga oshiradi.

«Bizda boshqa davlatlar bilan havo aloqasi tiklanishi to‘g‘risida hali aniq ma'lumot yo‘q», - dedi Husaynova.
 
«Somon Eyr» aviakompaniyasi matbuot xizmati tarqatgan xabarda aytilishicha, Dubayga parvoz 6 avgust kuni ertalab soat 5da amalga oshiriladi.

«Dushanbe-Dubay yo‘nalishi bo‘yicha parvoz qilishni istagan Tojikiston fuqarolari BAA hududiga kirishga ruxsat beruvchi zarur hujjatlarga, shuningdek, parvozdan 72 soat oldin Covid-19 yo‘qligi to‘g‘risida berilgan ma'lumotnomaga ega bo‘lishlari zarur», - deya xabar bergan matbuot xizmati.

Ta'kidlanishicha, xorijiy davlatlar fuqarolari BAA hududiga kirish/tranzit qilish huquqini beruvchi hujjatlar, shu jumladan tibbiy sug‘urta va sog‘lig‘i to‘g‘risida oldindan to‘ldirilgan deklaratsiya shakliga ega bo‘lishi kerak.

Dubay orqali tranzit parvozni amalga oshiradigan xorijiy davlatlar fuqarolari faqat o‘z mamlakatlariga uchishlari mumkin hamda chipta, shuningdek Covid-19 yo‘qligi to‘g‘risida ma'lumotnomaga ega bo‘lishlari zarur.

«Dushanbega uchishni istagan boshqa mamlakatlar fuqarolari Tojikiston hududiga kirish uchun Tojikiston Respublikasi vakolatli organining ruxsatnomasi, shuningdek viza (agar kerak bo‘lsa) va Covid-19 yo‘qligi to‘g‘risida ma'lumotnomaga ega bo‘lishi kerak», - deyiladi aviakompaniya xabarida.

Aviakompaniya samolyotga yuqori isitma yoki kasallik alomatlari bo‘lgan yo‘lovchilar kiritilmasligi haqida ogohlantirdi.

Tojikistonga kelganda so‘ng, Tojikiston Respublikasining barcha fuqarolari, shuningdek chet el fuqarolari (diplomatik korpus vakillari, alohida maqomga ega xalqaro tashkilotlar va mamlakat hukumati, vazirlik va idoralar tomonidan taklif etilgan mehmonlar bundan mustasno) testdan o‘tkaziladi hamda natijalar aniqlangunga qadar karantin hududida bo‘lishadi.

«Musbat natija qayd etilgan shaxslar 14 kun davomida karantin hududida bo‘lishadi va davolanishadi. Tojikistonga kelishidan 48 soat oldin Covid-19 yo‘qligi haqida ma'lumotnomaga ega bo‘lgan yo‘lovchilar mamlakat hududiga hech qanday to‘siqsiz kiritiladi. Biroq, ular mahalliy sog‘liqni saqlash muassasalarida mustaqil ravishda ro‘yxatdan o‘tishi va 14 kun davomida shifokorlar nazorati ostida o‘zini o‘zi yakkalash rejimida qolishi kerak», - deyiladi xabarda.

Mavzuga oid