Ikki quruqlik o‘rtasidagi chegarani yaqqol belgilash mumkin, ammo suvlikda-chi?
Yer kurrasida shunday nuqtalar borki, u yerda ikki suv havzasi hech bir to‘siqsiz uchrashadi, ammo suvlari aralashib ketmaydi. Buning sabablari esa turlicha bo‘lishi mumkin. Pikabu.ru sayti tabiatning ana shunday mo‘jizasiga bag‘ishlangan fotogalereyani taqdim etdi.
Shimoliy dengiz va Boltiq dengizi
Daniyaning Skagen shahri atrofida Shimoliy dengiz va Boltiq dengizi to‘qnashadi. Ikki dengizning suvi turli zichlikka egaligi bois ham shunchaki to‘qnashadi – aralashib ketmaydi.

O‘rtayer dengizi va Atlantika okeani
Gibraltar bo‘g‘ozi O‘rtayer dengizi va Atlantika okeani to‘lqinlari uchrashadigan nuqta hisoblanadi. Turli suv havzalarining to‘lqinlari har xil zichlik va sho‘rlik darajasiga egali tufayli qo‘shilib ketmaydi.

Karib dengizi va Atlantika okeani
Antil orollari bo‘yida Karib dengizi va Atlantika okeani suvi oralig‘idagi chegarani yaqqol ko‘rish mumkin.

Bahama orollari chegara bo‘lib turgan hududda ham Karib dengizi (havorang suv) va Atlantika okeani (ko‘k rangli suv) orasidagi kontrastni ko‘rish mumkin.

Surinam daryosi va Atlantika okeani
Atlantika okeani ko‘plab boshqa suv havzalari bilan chegaradosh bo‘lish bilan birga, ularning aksariyati bilan qo‘shilib ketmaydi. Shunday to‘qnashuvlardan biri Janubiy Amerikadagi Surinam daryosi bilan kuzatiladi.


























