Ayni pishiqchilik davri, tarvuz ham serob. Bu mahsulot xushta'mligi, chanqovbosdiligi bilan birga, salomatlik uchun ham koni foyda.

Tarkibi

Tarvuz – A, S, Ye vitamini, V guruhi vitaminlari, magniy, kaliy, kalsiy, fosfor, temir va natriy moddalarini o‘zida saqlaydi.

Shuningdek, tarvuz antioksidant moddalar bo‘lmish likopin, niatsin, tiamin moddalariga boy. 100 gr tarvuz 38 kilokaloriyaga ega.

Foto: Pixabay

Foydasi

  • Tarvuz suvga boyligi bois peshob va safro haydovchi ta'sirga ega. Sharbati buyraklar va jigarni toksinlardan tozalaydi. Organizmda xolesterin miqdorini kamaytiradi.
  • Uning tarkibidagi foliy kislotasi teri va soch go‘zalligiga ijobiy ta'sir ko‘rsatadi, hazm tizimini yaxshilaydi, moddalar almashinuviga ijobiy ta'sir ko‘rsatadi.
  • Qarish jarayonini sekinlashtiradi, onkologik kasalliklardan profilaktika qiladi.
  • Mahsulotning 100 grammi organizmning magniyga bo‘lgan ehtiyojini 60 foizga to‘ldiradi. Bu esa boshqa moddalarning so‘rilishiga yordam beradi, yurak-qon tomir tizimi uchun foydali.
  • Stressdan himoyalaydi, baxt gormonlarining ishlab chiqarilishiga impuls beradi.
  • Ko‘rish qobiliyatini yaxshilaydi, immunitetni mustahkamlaydi.
  • Ochlik hissini neytrallashtirgani bois parhezbop sanaladi, ozishga yordam beradi.

Qachon va qanday iste'mol qilish kerak?

Tarvuzni haddan tashqari ko‘p yeyish peshob xaltasida diskomfortni keltirib chiqaradi. Ovqatdan keyin darhol yeyish mumkin emas, bu qorin dam bo‘lishi (meteorizm), ichakdagi buzilishlarga sabab bo‘ladi.

Tarvuz mag‘zi va po‘stlog‘i mikroblar ko‘payishi uchun qulay muhit hisoblanadi. Shu bois uni kesilgan holatda uzoq saqlash, kesilgan tarvuzni xarid qilish tavsiya etilmaydi.

Sun'iy sharoitlarda, tezlashtirilgan tarzda yetishtirilgan tarvuzni tanlash maqsadga muvofiq emas. Chunki bunda mahsulot azotli o‘g‘itlar bilan to‘yintiriladi. Ular organizmga tushgach, nitritlarga aylanishi, bu moddalar yurak-qon tomir kasalliklari, nafas olish va peshob ayirish tizimida muammolarni keltirib chiqarishi ma'lum.