Hozirgi vaqtda yer yuzasining 70 foizi suv bilan qoplangan. Shundan 97,5 foizi sho‘r, faqat 2,5 foizi chuchuk suv hisoblanadi. Iste’molga yaroqli suvlarning juda katta qismi muzlik holatida bo‘lgani uchun ularning faqat 1 foizi ichishga yaroqli hisoblanadi.

So‘nggi yillarda chuchuk suv resurslari muammosi keskinlashib bormoqda. Oxirgi 50 yilda dunyoda suv bilan bog‘liq 507 ta nizo yuz bergan. Shundan 21 tasi qurolli mojarolarga (harbiy harakatlarga) aylanib ketgan.

Suv – sayyoramizdagi eng oddiy va odatiy suyuqlik. Biroq bir vaqtning o‘zida suvda juda ko‘p sir-sinoatlar yashirin. Olimlar hali ham suvni o‘rganishda davom etmoqda va u haqda yanada qiziqarli ma’lumotlarni topmoqda.

Suv bu – odam organizmidagi asosiy erituvchidir. Uning yordamida barcha foydali moddalar tashiladi, shuningdek, u organizmdan chiqindilarni va zararli moddalarni chiqarib tashlaydi. Suvli eritmalarimizda barcha kimyoviy reaksiyalar sodir bo‘ladi.

Suvning sifati, uning kimyoviy va bakteriologik tarkibi, aholining sog‘lik holati va kasallik darajasi o‘rtasidagi bog‘liqlik allaqachon qayd etilgan.

O‘rtacha kishi umr bo‘yi suv iste’mol qilib, o‘z organizmidan 80 kilogrammdan 100 kilogrammgacha kimyoviy chiqindilarni o‘tkazadi. Shu uchun ichimlik suvining sifatli bo‘lishi inson salomatligi uchun juda muhim.

Suvning ajoyib xususiyatlari haqida

Ekologik toza ichimlik suvi – inson uchun eng muhim oziq-ovqat mahsuloti hisoblanadi. Inson o‘rtacha umrida 35 tonna suv ichadi. Ana shu suv tozalansa, undan 420 stakan tuzlar va boshqa ifloslantiruvchi moddalar chiqishi mumkin.

Agar u tozalanmasa ana shu “suv chiqindilari” bizning organizmimizda qoladi. Ular inson tomirida, barcha ichki a’zolarda, to‘qimalar va hujayra membranalariga joylashadi. Oqibatda, ularning normal ishlashiga to‘sqinlik qiladi.

Suvsizlangan kasal organizmda “ifloslanish” jarayoni yanada kuchayadi. Shu sababli aynan kasallik paytida organizmni toza suv bilan ta’minlash muhim, bu bemorning tezroq tuzalishiga yordam beradi.

Turli mutaxassislar har kuni 6-8 stakan toza suv ichishni tavsiya qilishadi. Lekin ko‘pchilik buncha suv ichmaydi. Ichimlik suvi va ovqat tayyorlash uchun ishlatiladigan suv imkon qadar toza bo‘lishi juda muhim.

Sifatli ichimlik suvi sog‘liqni mustahkamlaydi va ko‘plab kasalliklar paydo bo‘lishining oldini oladi. Shu oziqlanish mutaxassislari faqatgina ekologik toza ichimlik suvini iste’mol qilishni qat’iyan tavsiya etishadi, shunda suv sifatiga ishonch hosil qilasiz.