Jamiyat | 16:03 / 04.08.2020
84334
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda 2,5 yashar bolani vahshiylarcha urib o‘ldirgan Milliy gvardiya zobiti 19 yilga qamaldi

Milliy gvardiya zobiti o‘zining xonadonida yashagan 2,5 yoshli bolani muttasil do‘pposlab kelgan. Kunlarning birida u navbatdagi marta ichib kelib, bolani urib o‘ldiradi.

Illyustrativ foto

Toshkentda 2,5 yoshli bola xolasining eri bo‘lgan Milliy gvardiya zobitining vahshiylarcha do‘pposlashi oqibatida halok bo‘ldi. Bu haqda Xabar.uz yozmoqda.

Manbada aytilishicha, ismi Samir deb aytilgan 2,5 yoshli bolakay Toshkent viloyatida onasi bilan qarindoshlarinikida yashab yurgan. Keyinchalik ona-bola Toshkent shahriga borib ijarada yashay boshlaydi. Samir 2 yoshli bo‘lganida onasi uni opasiga tashlab, o‘zi Turkiyaga ketadi.

Bola xolasi va uning Milliy gvardiyada ishlaydigan, doimiy ichib yuruvchi zo‘ravon eri bilan yashay boshlaydi. O‘z uyida yashayotgan xotinining jiyanini tinimsiz kaltaklab kelgan Milliy gvardiya zobiti bir kuni yana ichib kelib xotinini kaltaklay boshlaydi. Xotini uyga berkinib olgach, 2,5 yoshli Samirga tashlanadi va bolani hayvonga ham xos bo‘lmagan harakatlar bilan vahshiylarcha ura boshlaydi. Oqibatda bola halok bo‘ladi...

Mast bo‘lib uxlab qolgan Milliy gvardiya zobiti ertalab uyg‘onib, bolaning o‘lganini eshitadi va xotiniga u zinapoyadan yiqilib tili tortilib o‘ldi, deb aytishini tayinlaydi. Ayol jiyanining jasadini olib qishlog‘iga ketadi. Milliy gvardiya zobitining onasi ham keliniga bola shu tariqa o‘lganini aytish kerakligini tayinlaydi. Biroq jasadni ko‘rgan qishloq feldsheri u tili tortib o‘lganiga shubha qiladi va Samirning ona tomondan buvisi tezda ichki ishlar organlariga xabar beradi.

Bolaning jasadi ekspertiza qilingach, u yetkazilgan tan jarohatlari oqibatida halok bo‘lgani aniqlanadi. Sud ocherkida yozilishicha, erkak xotinining jiyaniga doimiy tazyiq o‘tkazib, qiynab kelgan. Bola pochchasidan shunchalik qo‘rqib qoladiki, uni ko‘rsa, siyib qo‘yadigan bo‘ladi. «Tinchlik himoyachisi» bolani har qanaqasiga qiynagan, tishlagan, urgan, qo‘rqitgan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudi Milliy gvardiyaning vahshiy zobitiga Jinoyat kodeksining 97-modda 2-qismining «v, j» bandlari (ojiz ahvoldagi shaxsni o‘ta shafqatsizlik bilan o‘ldirish) hamda 110-modda 2-qismining «a, v» bandlari (voyaga yetmagan bolani muttasil ravishda qiynab, do‘pposlash) bilan ayblov e'lon qilib, unga 19 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

«Jazo o‘z yo‘liga, biroq bunday vahshiytabiat kimsa Milliy gvardiyaga qanday kirib qolgan?», deyiladi xabar oxirida.

Mavzuga oid