Karantin davrida mehmonxonalar qay tartibda ishlayapti? - soha mutaxassisi bilan suhbat
Pandemiyadan eng ko‘p zarar ko‘rgan sohalardan biri – turizm. Ko‘plab mehmonxonalar koronavirus sababli yopildi, soha inqiroz davrini boshdan kechirmoqda.
Bugun shu tizimga oid yangiliklar haqida mehmonxona biznesiga ixtisoslashgan «Hotel Pro» kompaniyasi asoschisi, 35dan ortiq mehmonxonalar loyihasi muallifi, 16ta mehmonxonaning ishga tushirilish jarayonini tashkillashtirgan soha eksperti Dilshod Odilov bilan suhbatlashdik.
– Dilshodbek, mart oyida Kun.uz saytida siz va hamkasblaringiz bilan uyushtirilgan suhbatda pandemiya tufayli mehmonxona biznesi qisqa muddatda inqiroz holatiga kelib qolganini aytgandinglar. Ayni paytda vaziyat qanaqa, qanday imtiyozlar berildi?
– Haqiqatan ham o‘sha suhbatda mehmonxona biznesi pandemiya tufayli inqiroz yoqasiga kelib qolgani va davlat bu holatda yordam bermasa, vaziyat yomon bo‘lishi mumkinligini aytgan edik. Intervyudan ko‘p o‘tmay «Koronavirus pandemiyasi davrida aholi, iqtisodiyot tarmoqlari va tadbirkorlik sub'yektlarini qo‘llab-quvvatlashga doir qo‘shimcha chora tadbirlar to‘g‘risida»gi Prezident farmoni e'lon qilindi. Farmonga asosan, joylashtiruv vositalari yer solig‘i va yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliqdan ozod qilindi. Avval 12 foiz bo‘lgan ijtimoiy soliq kamaytirilgan stavkada 1 foiz miqdorda to‘lanadigan bo‘ldi.
May oyiga kelib, bosqichma-bosqich mehmonxonalarning ishlash shartlari shakllantirilib, ishlashga ruxsat etila boshladi. Mehmonxonalar ish faoliyatlarini davom ettirish uchun asosiy talablar sanitariya va gigiyena qoidalari bilan to‘ldirildi.
30 may kuni esa O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Koronavirus pandemiyasining salbiy ta'sirini kamaytirish uchun turizm sohasini qo‘llab-quvvatlashga doir kechiktirib bo‘lmaydigan chora tadbirlar to‘g‘risida»gi farmoni turizm va mehmonxona biznesiga katta yordam bo‘ldi deyish mumkin. Bu farmon bo‘yicha, «yashil» va «sariq» hududlarda ichki turizmga ruxsat berildi, chet eldan charter reyslar bilan olib kelinadigan fuqarolarni mehmonxonalarga joylashtirishga zamin yaratildi.
– Mehmonxonalardan biznesning boshqa yo‘nalishlarida foydalanish tendensiyasi bormi? Masalan, ofislar shaklida yoki uzoq muddatli turar-joy sifatida ijaraga berish kabi...
– Hozirgi kunda aksariyat mehmonxonalar faoliyat ko‘rsatmayapti. Lekin yer solig‘i, mulk solig‘idan ozod bo‘lgani sababli hamda ishchilariga mehnat ta'tili berilgani tufayli bu mehmonxonalarda zararlar minimallashtirilgan. Ba'zi mehmonxonalar esa chet eldan kelayotgan, karantinga olinayotganlar bilan ishlamoqda.
Ofis yoki boshqa maqsadlarda foydalanilayotgan mehmonxonalarni eshitmadik. Ofis sifatida ishlatishga talab ham yo‘q, chunki ko‘p tashkilotlar karantin davrida yo faoliyatini vaqtincha to‘xtatgan, ish hajmini kamaytirgan yoki onlayn ishlash tizimiga o‘tgan. Ko‘pchilik 1-2 oyda vaziyat yaxshi tomonga o‘zgarib qolishidan umid qilgan holda mehmonxonalarni boshqa maqsadda ishlatmay turibdi.
– Karantinga olinganlarning ma'lum qismlari mehmonxonalarga joylashtirilmoqda. Bu amaliyot sohaga qay darajada moddiy yordam berdi?
– Chet eldan qaytib kelayotgan vatandoshlarimizga karantin zonasida emas, mehmonxonlarda yashash taklifi berila boshlangandan keyin mehmonxona biznesi yana biroz jonlandi. Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi xodimlari mehmonxonalarga birma-bir qo‘ng‘iroq qilib chiqib, karantin davrida mehmon qabul qilishga rozi bo‘lgan mehmonxonalar ro‘yxatini shakllantirdi. Avvaliga bu ma'lumot excel formatda OAVda e'lon qilinib turildi, ammo bu fayldan mehmonxonalar haqida tushuncha olish, rasmlarini ko‘rib keyin mehmonxona tanlash imkoniyati yo‘q edi.
Keyinchalik menda bu mehmonxonalar haqidagi ma'lumotlar doimiy ravishda yangilanib, to‘ldirilib turiladigan bir saytda ko‘rsatish, matbuotga har doim faylni e'lon qilib borish o‘rniga bir marta shu saytni e'lon qilib, doimiy ravishda saytdagi ma'lumotni aktual holatda tutib turish fikri tug‘ildi.
Bu taklif bilan Turizmni sertifikatlash davlat markazi rahbari Nuriddin Islomovga murojaat qilib, mehmonxonalar haqidagi ma'lumotni yig‘ib berishni iltimos qildim. Nuriddin Islomov taklifimni qabul qilib, qisqa fursatda mehmonxonalarning sharoitlari haqidagi ma'lumotlarni rasmlari bilan yig‘ib berdi.
«Hotel Pro» kompaniyasi xodimlari esa ma'lumotlarni saytga joyladi. Shu tariqa www.bookhotel.uz sayti tashkil topdi. Bugungi kunda karantin davrida mehmon qabul qilishi mumkin bo‘lgan mehmonxonalar o‘zlari haqidagi ma'lumotni bizga yuborish orqali saytga joylamoqda va mehmonxona qidirgan hamyurtlarimiz ham o‘z navbatida qiynalmasdan o‘ziga kerakli mehmonxonani shu saytdan topmoqda. Saytda mehmonxonalar arzon, o‘rta va qimmatroq narxlar kesimida ajratilgan.
Narxlar bir kishi uchun uch mahal ovqati bilan 250 000 so‘mdan boshlanadi. Karantin davrida ko‘pincha mehmonlar guruh shaklida kelib, butun mehmonxonani to‘ldirib turgani uchun, narxlar arzonroq bo‘lsa ham, ish hajmi ko‘pligi evaziga mehmonxonalar xarajatlaridan orttirib, biroz foyda ham ko‘rmoqda.
– Karantinga olingan fuqarolarni mehmonxonalar qanday sharoitda va shartlar bilan qabul qiladi?
– Karantin uchun mehmon qabul qiladigan mehmonxonalar sanitariya qoidalariga to‘liq rioya qilgan holda, Milliy gvardiya va SES xodimlarini jalb qilgan holda ishlashmoqda. Mehmonlar 10 kun muddatga mehmonxonaga joylanadigan bo‘lsa, shu 10 kun muddatga Milliy gvardiya, SES va tibbiyot xodimlari bilan shartnoma qilinyapti.
Undan tashqari, mehmonxonaning barcha xodimlari ham karantinga olingan vatandoshlarimiz bilan bir qatorda mehmonxonadan chiqarilmagan holda, karantin muddatini to‘liq mehmonxonada o‘tkazmoqdalar. Mehmonxonaga olib kelingan oziq-ovqat mahsulotlari ham mehmonxona kirish qismida qoldiriladi, ichkaridan xodimlar chiqib, olib kirib ketishadi.
– Faraz qilaylik, pandemiya bugun butunlay tugadi. Soha oldingi ko‘rsatkichlarga qaytishi uchun taxminan qancha vaqt kerak bo‘ladi?
– Turizm – tiklanishi uchun uzoq vaqt talab etiladigan soha. Avvalambor, butun dunyoda ko‘pchilik moliyaviy zahirasini kamaytirish hisobiga yashab turibdi. Sayyoh bo‘lib, bir davlatga borish uchun albatta pul kerak. Demak, turizm yana oldingi holiga qaytishi uchun avval biznes tiklanib, insonlar avvalgi daromad darajasiga qaytib olishi kerak. Bu esa kamida bir necha oy talab qiladi.
Undan tashqari, odamlar chet davlatga chiqishdan biroz cho‘chib qoldi. Begona mamlakatda kasal yuqtirib olib, o‘sha joyda davolanishda qolib ketish qo‘rquvi ham bor gap. Turizm rivojlanishi tinchlik va xotirjamlik sharoitida amalga oshadi. Hozir ko‘p davlatda tinchlik bo‘lgani bilan, xotirjamlik yo‘q. Endi bu holatlar biroz unutilib, virusga vaksina topilsagina turistlar yana sayohatga chiqa boshlaydi.
Taxminimcha, bugun pandemiya tugasa ham, davlatimizga sayyohlar 6-7 oydan keyin kelishni boshlaydi.
– Pandemiyadan oldin mehmonxonalar qurilishi shiddat bilan ketayotgan edi, o‘zingiz ham ko‘pchilikni sohaga jalb qilardingiz. Bugungi kunda ham shu sohaga qiziqish bildirayotganlar bormi va siz ularga qanday tavsiyalar berasiz?
– Pandemiyadan avval mehmonxonalar qurilishi qanday shiddat bilan ketgan bo‘lsa, hozir ham shunday davom etmoqda. Mehmonxona qurayotgan tadbirkorlar bu yil ko‘plab xalqaro tadbirlar qolib ketgani, biznes kutib tura olmasligi va kelasi yillarda qolib ketgan tadbirlar o‘sha yillarning o‘ziga mo‘ljallangan tadbirlar bilan parallel ravishda tashkillashtirilishi hisobiga mehmonlar avvalgidan ham ko‘payib ketishi ehtimolini o‘ylashmoqda.
Bizning kompaniyamiz pandemiya davrida beshta turli investorlar bilan yangi mehmonxonalar qurilishini loyihalash bo‘yicha shartnomalar tuzdi. Undan tashqari, 20dan ortiq avval shartnoma qilgan mehmonxonalar qurilishi ishlari jadal davom etyapti.
Abror Zohidov suhbatlashdi.
Mavzuga oid
21:59 / 27.11.2022
Xitoyda koronavirus cheklovlariga qarshi namoyishlar bo‘lib o‘tmoqda
00:22 / 26.11.2022
Pekinda koronavirus avj olgani tufayli yangi cheklovlar kiritilmoqda
22:24 / 07.11.2022
Angliyada uy parrandalariga lokdaun e’lon qilindi
07:23 / 20.09.2022