O‘zbekiston | 15:07 / 07.08.2020
6836
3 daqiqa o‘qiladi

Chilonzorda ishsizlarga to‘lanishi kerak bo‘lgan 36 mln so‘m mablag‘ talon-toroj bo‘ldi

Mahalla raisi bandlik markazi inspektori bilan til biriktirgani aytilmoqda.

Bosh prokuratura matbuot xizmati mahkama huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurash departamenti tomonidan so‘nggi kunlarda aniqlangan jinoyatlar haqida Kun.uz'ga ma'lumot berdi.

Chilonzor tumanida ishsizlarga to‘lanishi lozim bo‘lgan 36 mln so‘m budjet mablag‘lari talon-toroj qilindi

Departamentning Chilonzor tuman bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, «K.X.» MFY raisi N.R. tuman Aholi bandligiga ko‘maklashish markazi inspektori A.R. bilan oldindan til biriktirib, markazga ish so‘rab murojaat qilmagan va ishsizlar ro‘yxatiga kiritilmagan 26 nafar fuqaro jamoat ishlariga jalb etilgani haqida soxta hujjatlar tuzish orqali jami 36,2 mln so‘m budjet mablag‘larini talon-toroj qilgani aniqlangan.

Holat yuzasidan mahalla raisi N.R. va markaz inspektori A.R.larga nisbatan Jinoyat kodeksining 167-moddasi 2-qismi «v, g» bandlari va 209-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Uchqo‘rg‘on tumanida bog‘chani ta'mirlash jarayonida 173 mln so‘mlik budjet mablag‘lari talon-toroj qilindi

Namangan viloyat hokimligining Yagona buyurtmachi IK texnik nazoratchi N.M. «N.B.» MChJ rahbari M.I. bilan o‘zaro til biriktirib, Uchqo‘rg‘on tumanidagi 41-sonli maktabgacha ta'lim muassasasida amalga oshirilgan qurilish ishlari haqidagi hujjatlarga haqiqatda bajarilmagan 173,2 mln so‘mlik qurilish-ta'mirlash ishlarini qo‘shib yozish orqali budjet mablag‘lari talon-toroj qilgani aniqlangan.

Holat yuzasidan N.M. va M.I.larga nisbatan Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi «a» bandi va 228-moddasi 3-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Tergovga qadar tekshiruv Departamentning Uchqo‘rg‘on tuman bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan.

Sirdaryo tumanida qalbaki 2 500 AQSh dollari muomalaga kiritilishining oldi olindi

Sirdaryo tumanida fuqaro O.A. va A.M.lar oldindan til biriktirib, fuqaro D.X.ga har bir AQSh dollarini 7 ming so‘mdan hisoblab, qalbaki 2 300 AQSh dollarini 1600 AQSh dollariga sotishgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Shuningdek, tadbir jarayonida fuqaro O.A.ning yonida sotish maqsadida saqlab kelayotgan qalbaki 200 AQSh dollari borligi aniqlangan.

Holat yuzasidan fuqaro O.A. va A.M.larga nisbatan Jinoyat kodeksining 176-moddasi 2-qismi «v» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Tezkor tadbirlar Departament va DXXning Sirdaryo tuman bo‘limlari hamkorligida o‘tkazilgan.

Mavzuga oid