O‘zbekiston | 23:51 / 07.08.2020
7877
3 daqiqa o‘qiladi

Fermer xo‘jaliklari to‘g‘ridan to‘g‘ri eksportga mahsulot chiqarishi mumkinmi? – «O‘zdavkarantin» javob berdi

7 avgust kuni AOKA binosida Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘simliklar karantini davlat inspeksiyasi matbuot xizmati rahbari Durdona Ochilova ishtirokida brifing o‘tkazildi.

Durdona Ochilova /Videodan kadr

Unda matbuot xizmati rahbari tomonidan tashkilotga yetib kelayotgan bir qator savollarga javob berildi.

Xususan, o‘zbekistonlik fermerlardan biri «O‘zdavkarantin»ga fermer xo‘jaliklari to‘g‘ridan to‘g‘ri eksportga mahsulot chiqarishi mumkinmi, mumkin bo‘lsa, uning tartibi qanday, mazmunidagi savol bilan murojaat qilgan.

Durdona Ochilovaga ko‘ra, fermer xo‘jaliklari o‘z mahsulotini to‘g‘ridan to‘g‘ri eksportga chiqarishi mumkin.

«Albatta, mumkin. Buning uchun fermer xo‘jaliklarida yetishtirilayotgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari vegetatsiya (o‘suv) davrida hamda mahsulotlar eksport qilinishidan oldin davlat karantin inspektorlari tomonidan karantin nazoratidan o‘tkazilishi kerak.

Mahsulotlar fitosanitariya talablariga javob berganda davlat karantin inspektorlari tomonidan eksport qilish uchun fitosanitariya sertifikatlari belgilangan tartibda rasmiylashtirib beriladi», – dedi u.

Brifing davomida qishloq xo‘jalik maxsulotlarini eksportga chiqarishda tadbirkorlarga me'yoriy hujjatlarni rasmiylashtirish uchun qanday imtiyozlar belgilangani borasida ham ma'lumot berildi.

«Hozir tadbirkorlarga qulaylik yaratish hamda jarayonlar davomida uchrashi mumkin bo‘lgan korrupsiya holatlarining oldini olish maqsadida ruxsat beruvchi va sertifikatsiya hujjatlarini rasmiylashtirish to‘liq elektron tizimiga o‘tkazilgan. Bunda siz xizmat uchun to‘lovni «Payme» to‘lov tizimi orqali ham amalga oshirishingiz mumkin.

Tadbirkorlardan 6ta turdagi qog‘oz shaklidagi hujjat o‘rniga 1ta elektron ariza olish tizimi joriy qilindi. Xorijiy davlatlar bilan ma'lumotlarni almashish, sertifikatsiya hujjatlarining haqqoniyligi QR-kod orqali onlayn tarzda tekshirish yo‘lga qo‘yildi. 76ta chegara maskanining barchasi VPN tarmog‘iga ulandi. Barcha chegara maskanlari va TIF punktlarda ishonch telefonlari joylashtirildi.

Bundan tashqari, imtiyozlar va imkoniyatlar to‘g‘risida inspeksiyaning karantin.uz rasmiy veb sayti orqali ham ma'lumotga ega bo‘lishingiz mumkin», – deya Durdona Ochilovaning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Mavzuga oid