Jahon | 23:45 / 07.08.2020
25030
3 daqiqa o‘qiladi

Rossiya qanday shartlarda yadro quroli qo‘llashi ma'lum qilindi

Rossiya qurolli kuchlari bosh shtabida Rossiya qanday shartlarda yadro quroli qo‘llashi mumkinligi oshkor qilindi. Ta'kidlanishicha, yadro quroli har qanday raketa hujumida qo‘llanadi. Bu haqda bosh shtab bosh tezkor boshqarmasi boshlig‘i general-mayor Andrey Sterlin va Bosh shtab Harbiy akademiyasi harbiy-strategik tadqiqotlar markazi yetakchi ilmiy xodimi Aleksandr Xryapin “Krasnaya zvezda” nashri uchun yozgan maqolalarida ma'lum qilishdi. 

“Yadro quroli qo‘llanishining birinchi sharti Rossiya yoki uning ittifoqdoshlari hududiga hujum qiluvchi ballistik raketalar starti haqida ishonchli ma'lumot olinishi bilan bog‘langan. Ballistik raketa uchirilgani raketa hujumidan ogohlantirish tizimi tomonidan qayd qilinadi. Bunda raketaning yadro yoki noyadro ekanini aniqlashning imkoni bo‘lmaydi. Shu sababli har qanday raketa yadro zaryadiga ega raketa sifatida qabul qilinadi”, deyilgan maqolada.

So‘ngra Rossiyaning harbiy-siyosiy rahbariyati raketa uchirilgani haqida avtomatik ravishda ma'lumot oladi va javob harakatlari ko‘lamini belgilaydi. Bosh shtabda ta'kidlanishicha, Rossiyaga qarshi tajovuzdan maqsad uni davlat sifatida yo‘q qilishdan iborat bo‘lishi mumkin. “Agar dushman zarba berishga qaror qilsa, unda javob, shubhasiz, vayronkor bo‘ladi”, deyilgan maqolada.

Maqolada aytilishicha, Strategik hujum qurollarini qisqartirish shartnomasi (SNV-3) amal qilishining to‘xtashi AQShga o‘z jangovar imkoniyatlarini nazoratsiz ko‘paytirishga imkon beradi va dunyoni yadro falokati yoqasiga keltiradi. 

Harbiylarning ta'kidlashicha, muddati 2021 yil fevralda tugaydigan SNV-3 to‘xtatilsa, dunyoda vaziyat keskinlashadi. Biroq AQSh shartnomani uzaytirish borasida o‘z qarorini ma'lum qilmayapti.

“Ta'kidlab o‘tamiz, bu juda xavfli yo‘ldir, chunki dunyo XX asrning ikkinchi yarmidagi kabi yadro falokati yoqasiga kelib qoladi”, deyilgan maqolada.

Shu bilan birga bosh shtabda ta'kidlanishicha, Rossiyaning yadro siyosati “faqatgina mudofaa xarakteriga” ega.

Rossiya tomonidan yadro quroli qo‘llanishi shartlari 2014 yilda yangilangan Harbiy doktrinaning 27-bandida bayon qilingan. 

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid