08:29 / 08.08.2020
37650

Dunyoning farmatsevtik gigant kompaniyalari yettiligi

Pandemiya davrida «ketmoni uchgan» soha vakillari – shubhasiz, dori-darmon, sanitariya buyumlari va tibbiy uskunalar ishlab chiqaruvchilar bo‘ldi. Ammo zo‘rlarning ham zo‘rlari bo‘ladi. E'tiboringizga jahonning eng ulkan farmatsevtik kompaniyalar yettiligini havola qilamiz*.

Foto: RIA Novosti

7. Sanofi, Fransiya

Shtab kvartirasi Parij shahrida joylashgan bu kompaniya jahon gigantlaridan biri hisoblanadi. Rang-barang dori vositalari bilan dunyoning barcha davlatlariga, jumladan O‘zbekistonga ham kirib borgan.

Shu kunlarda Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan koronavirusga qarshi kurashda tavsiya etilayotgan «Plakvenil» preparati ham shu kompaniya mahsuloti.

6. GlaxoSmithKline, Buyuk Britaniya

1715 yilda Londonda bitta dorixona ochilishi keyinchalik gigant kompaniya yaralishiga tamal toshi bo‘lib xizmat qilgan. 2000 yilda esa Glaxo Wellcome va SmithKline Beecham kompaniyalari qo‘shiluvidan butun dunyoga mashhur GlaxoSmithKline farmatsevtik kompaniyasi paydo bo‘ldi.

Tibbiy dorilardan tashqari mikrobiologiya bo‘yicha tadqiqotlar, tana parvarishi vositalari ishlab chiqarish bilan ham shug‘ullanadi. Onkologik kasalliklarga qarshi preparatlar bo‘yicha yetakchilardan biri.

5. Bayer, Germaniya

1863 yilda tashkil etilgan bu kompaniya bir vaqtlar, hali taqiq o‘rnatilmagan davrda geroin moddasini dori sifatida ishlab chiqarib sotgani bilan tarixda qolgan. Bundan tashqari, kompaniya aspirin ishlab chiqargani bilan ham mashhur bo‘lgan.

Shtab kvartirasi Germaniyaning Leverkuzen shahrida joylashgan bu kompaniya ham dunyoning deyarli barcha davlatlarida faoliyat olib boradi.

4. Novartis, Shveytsariya

Nomlanishi lotinchasiga Novae Artis — «yangi yutuqlar» so‘zlaridan kelib chiqqan bu transnatsional farmatsevtik korporatsiyaning bozordagi savdo hajmi juda ulkan. Kompaniya dunyoning 150ga yaqin davlatida bevosita vakolatxonalarga ega, shtab-kvartirasi esa Shveytsariyaning Bazel shahrida joylashgan.

Daromadining katta qismini tadqiqotlarga sarflashi bilan nom qozongan.

3. Pfizer, AQSh

Bu kompaniya yanada ko‘hnaroq – unga 1849 yilda asos solingan. Ko‘pchilik nomini yaxshi biladigan va duch kelgan «Diflyukan», «Zitromaks», «Viagra», «Lirika», «Tselebreks», «Sermion» kabi dorilar aynan shu kompaniyaga tegishli.

Qondagi xolesterin miqdorini kamaytiruvchi birgina preparatini 15 yil (1997-2012) davomida 125 mlrd dollarga sota olgani bilan ham mashhur bo‘lgan. Shtab kvartirasi Nyu-Yorkda, asosiy tadqiqot markazi Konnektikut shtatida joylashgan.

2. Roche, Shveytsariya

Hoffmann-La-Roche guruhiga mansub bu holdingga Shveytsariyada asos solingan. Ammo bu tuzilmaga AQSh, Yaponiya va Yevropaning qator davlatlari kompaniyalari ham kiradi.

Roche nafaqat dori vositalari, balki tibbiy diagnostika sohasida ham yetakchilardan biri hisoblanadi. Bu kompaniya mahsulotlari kirib bormagan va bozorda mustahkam o‘rin tutmagan biror davlat yo‘q.

1890 yilda asos solingan bu kompaniya dunyoning 150dan ortiq davlatida 90 mingdan ortiq xodimga ega.

1. Johnson & Johnson, AQSh

Ko‘hna tarixga ega bu kompaniya 1887 yilda AQShda aka-uka Jonsonlar tomonidan tashkil etilgan. Dunyo bo‘ylab 250dan ortiq sho‘'ba korxonalariga ega bu holding dori vositalari, sanitar-gigiyenik mahsulotlar va tibbiy uskunalar ishlab chiqaradi.

Aksiyalar savdosiga ko‘ra Dow Jones Global Titans 50 ro‘yxatiga kiritilgan. Tadqiqotlarga o‘nlab milliard dollar sarflaydi.

Ma'lumotlarga ko‘ra, 2020 yilning ilk choragidayoq farmatsevtik gigantlar savdo hajmi 25-30 foiz atrofida oshgan.

* Bu ro‘yxat faqatgina kompaniyalar aksiyalariga ko‘ra bozor qiymatiga qarab emas, ularning so‘nggi yillardagi savdo hajmi, daromad, tibbiyotga ta'siri, tadqiqotlari kabi qator ko‘rsatkichlarga ko‘ra tuzilgan. Maqolani tayyorlashda bir necha manbalardan foydalanilgan.

Top