O‘zbekiston | 19:53 / 09.08.2020
13799
5 daqiqa o‘qiladi

Koronavirusga qarshi kurashga harbiy tuzilmalar jalb etilgani yuzasidan izoh berildi

9 avgust kuni AOKAda Toshkentdagi saralash va taqsimlash markazlari vakillari ishtirokida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar bermoqda.

Anjumanda respublikaning harbiy idoralari tomonidan tashkil qilingan saralash va taqsimlash markazlari faoliyati haqida ma'lumot berildi.

Ichki ishlar vazirligi tomonidan tashkil qilingan markaz bosh shifokori Alisher Hojimetovga ko‘ra, muassasada hozirgacha 1,5 mingdan ziyod bemor davolanib chiqqan.

«Ichki ishlar vazirligi tomonidan poytaxtdagi gimnastika saroyida 750 o‘rinli saralash va taqsimlash markazi tashkil etildi. Markaz 1 avgustdan o‘z faoliyatini boshlagan bo‘lib, undagi o‘rinlarning 390tasi o‘rta og‘ir, 290tasi og‘ir, 90tasi o‘ta og‘ir bemorlarga mo‘ljallangan. Muassasada hozirda 691 nafar bemor davolanmoqda. Hozirgacha 1,5 mingdan ziyod bemor davolanib chiqdi», dedi u.

Davlat xavfsizligi xizmatiga qarashli saralash va taqsimlash markazi bosh shifokori Pirnazar Alixonovning so‘zlariga ko‘ra, hozirda markazda 160ga yaqin bo‘sh koyka bor.

«Yoshlik» sport arenasida qisqa vaqt ichida 520 o‘ringa mo‘ljallangan saralash va taqsimlash markazi tashkil etilgan bo‘lib, u yerda o‘rta va kichik tibbiy xodimlar jamlangan. Markazga bugungi kungacha mingga yaqin bemordan murojaat bo‘lib, ulardan 726 nafari gospitalizatsiya qilingan. Hozirda 360 nafarga yaqin bemor davolanmoqda. Bemorlarga javob berishning kunlik o‘rtacha ko‘rsatkichi 30-50 nafar. Hozirda 160ga yaqin bo‘sh o‘rin mavjud bo‘lib, navbat kutib qolish hollari bo‘lgani yo‘q», dedi markaz bosh shifokori Pirnazar Alixonov o‘z axborotida.

Mudofaa vazirligi tashkil etgan saralash va taqsimlash markazi bosh shifokori o‘rinbosari Ulug‘bek Rasulov muassasa faoliyati haqida ma'lumot berdi.

«Vazirlik tomonidan tashkil qilingan saralash va taqsimlash markazi «O‘zekspomarkaz»ning 1– va 2-pavilonlarida joylashgan bo‘lib, 814ta o‘ringa ega. Markaz o‘z faoliyatini boshlagan 30 iyuldan hozirgacha 2364 nafar fuqarodan murojaat bo‘lib, ularning 1403 nafariga ambulator sharotida davolanish uchun maslahat berilgan, 981 kishi statsionar sharoitda davolandi», dedi u.

Ulug‘bek Rasulov koronavirusga qarshi kurash uchun harbiy idoralar jalb qilinganiga ham izoh berdi.

«Pandemiyada ko‘plab kasallarning bir vaqtning o‘zida shifoxonaga tushishidan rivojlangan davlatlarning sog‘liqni saqlash tizimi ham qiynalib qoldi. Shu jumladan, O‘zbekistonda ham mart oyidan iyulning oxirigacha Sog‘liqni saqlash vazirligi bu vazifa bilan shug‘ullanib keldi, iyul oyining oxiriga kelib, bemor ko‘payib ketdi. Davlat rahbari harbiy shifokorlarni yordamga chaqirdi. Biz bu ko‘rsatilgan ishonchdan xursand bo‘ldik.

IIV, DXX, Mudofaa vazirligining tibbiyot xodimlari hozirda saralash va taqsimot markazlarida faoliyat olib boryapti. Bu xalq uchun ham, sog‘liqni saqlash tizimi uchun ham foyda bo‘ldi», – dedi Ulug‘bek Rasulov.

Ayni masalada Koronavirusga qarshi kurash shtabi a'zosi Botir Daminov ham fikr bildirdi.

«Tinchlik paytida shifokorlar Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimiga va harbiy tizimga bo‘linadi. Lekin hozir butun dunyoda pandemiya. Bu urushga o‘xshash narsa. Bunda barcha vrachlar birlashishi kerak. Biz ham shifokor bo‘lganimiz bilan favqulodda vaziyatda jalb qilinuvchi zaxiradagi ofitser hisoblanamiz.

Nafaqat qurolli kuchlar tizimidagi, balki butun mamlakatdagi shifokorlar bu sharoitda shay bo‘lib turishi kerak. Harbiy strukturalarda o‘zining tibbiy boshqarmasi bor. Ularda epidemiya paytida o‘zini qanday tutish, bemorlarni qanday saralash, evakuatsiya qilish bo‘yicha yo‘nalishlar mavjud. Bu hozirgi kunda faqatgina yordam beradi, kasallik bilan tartibli kurashishga yo‘l ko‘rsatadi», – dedi Daminov.

Mavzuga oid