Jahon | 03:30 / 10.08.2020
37429
2 daqiqa o‘qiladi

Belarusda namoyishchilar va harbiylar o‘rtasida to‘qnashuvlar kuzatilmoqda. Minskda portlash ovozlari eshitilgan

Foto: Nexta

Belarusda mamlakat prezidentligi uchun o‘tayotgan saylovlardan keyin norozilik aksiyalari bo‘lib o‘tmoqda. Militsiya odamlarga qarshi har xil qurollardan foydalanmoqda. Mahalliy telegram kanallar voqea joyida videolar e'lon qilingan. Unda namoyishchilar OMON xodimlari tomonidan kaltaklanayotgani va avtobuslarga olib chiqilayotganini ko‘rish mumkin. Bir videoda esa olomon OMONchilarga tashlangani ko‘ringan.

Foto: Nexta

Minsk ko‘chalarida turli portlash ovozlari eshitilmoqda. Namoyishchilar to‘plangan joylarga tashlangan militsiya ularni kuch bilan tinchitishga urinmoqda.

Tarqalgan videolardan birida yuk mashinasi namoyishchilar ustiga harakatlangani va bir kishi unga yopishib olgani, keyin esa yerga yiqilgani ko‘ringan.

Saylovlarda ikkinchi o‘rinni olgani aytilayotgan Svetlana Tixanovskaya Tut.by sayti orqali militsiya va harbiylarga murojaat qilib, ular xalqning bir qismi ekanini eslatdi: «Belarus ertaga boshqacha davlat bo‘lib uyg‘onadi, ertaga yaxshi yangiliklar bo‘ladi. Iltimos zo‘ravonlikni bas qilinglar. Ofitserlar, bilaman, bu qo‘lingizdan keladi», dedi u.

Foto: EPA
Foto: Reuters
Foto: EPA
Foto: AP

Saylov natijalari hali aniq bo‘lgani yo‘q, biroq OAVda Aleksandr Lukashenko 80 foiz ovoz to‘plab g‘olib bo‘lgani aytilmoqda. Svetlana Tixanovskaya esa ko‘pi bilan 10 foiz ovoz olgani taxmin qilinmoqda.

Mavzuga oid