O‘zbekiston | 23:03 / 12.08.2020
16405
2 daqiqa o‘qiladi

15 avgustdan mashinada kun davomida harakatlanish mumkin bo‘ladi

O‘zbekistonda 15 avgustdan karantin yumshatilmoqda. Ertadan shaxsiy avtomobilda kun davomida harakatlanish mumkin bo‘ladi.

O‘zbekistonda bugungi pandemiya sharoitida ijtimoiy-iqtisodiy va boshqa sohalarning barqarorligini saqlab turish, aholining munosib turmush tarzi hamda tadbirkorlik sub'yektlarining samarali faoliyat ko‘rsatishi uchun qulay sharoitlarni ta'minlash maqsadida Respublika maxsus komissiyasining karantin cheklovlarini bosqichma-bosqich yumshatish bo‘yicha qarori qabul qilindi.

Respublika maxsus komissiyasining navbatdagi qarori bilan quyidagilarga ruxsat berildi:
2020 yil 15 avgustdan boshlab:

  • avtotransport vositalarining kun davomida to‘liq harakatlanishi;
  • mahalliy aviaqatnovlar va temir yo‘l qatnovi. Bunda doimiy ravishda har bir aviaqatnov va temir yo‘l qatnovidan oldin tegishli havo kemasi va temir yo‘l vagonlarini (har bir o‘rindiqni) to‘liq dezinfeksiyadan o‘tkazish, shu jumladan, ularga havoni zararsizlantirish anjomlarini o‘rnatish choralarini ko‘rish lozim.

2020 yil 17 avgustdan boshlab quyidagilarga ruxsat beriladi:
a) hududlar (Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri) o‘rtasida avtotransport vositalari qatnovini tiklash;
b) jamoat transporti, shahar (tuman) va shahar atrofi yo‘nalishlari bo‘yicha avtobus qatnovi (metropoliten faoliyati bundan mustasno). Ushbu transport faoliyatini tashkil etish uchun: 

  • har qatnovga chiqishdan oldin haydovchi va konduktorlarning tana harorati pirometrlarda o‘lchanib, 37 daraja va undan yuqori bo‘lgan holatda ularning transport vositasini boshqarishiga yo‘l qo‘ymaslik, ularning tibbiy niqob va qo‘lqopda bo‘lishi;
  • jamoat transportida yo‘lovchilarning tibbiy niqobda bo‘lishi va ular orasida ijtimoiy masofa saqlanishi, tibbiy niqob bo‘lmagan holatda ularning transportga chiqishiga yo‘l qo‘ymaslik;
  • transport vositasi doimiy ravishda har qatnovga chiqishdan oldin (shu jumladan, har bir o‘rindiqni) to‘liq dezinfeksiyadan o‘tkazilishi zarur.

Mavzuga oid