O‘zbekiston | 23:50 / 12.08.2020
23366
2 daqiqa o‘qiladi

15 avgustdan to‘ylarga yana ruxsat beriladi. Marosim 30 kishilik bo‘ladi va faqat uyda o‘tkaziladi

Respublika maxsus komissiyasi karantin cheklovlarini 15 avgustdan bosqichma-bosqich yumshatish bo‘yicha qaror qabul qildi. Unga ko‘ra, 15 avgustdan oilaviy tantana, to‘y, ma'raka va marosimlarni o‘tkazishga ruxsat berilgan.

Bunda ushbu tadbirlarni fuqarolarning uy-joyi va hovlisining o‘zida 30 kishidan ko‘p bo‘lmagan (faqat yaqin qarindoshlar va ushbu tuman hududida istiqomat qiluvchi boshqa qarindoshlar) hamda sanitariya va gigiyena talablariga qat'iy rioya etgan holda o‘tkazish belgilangan.

Banketlar va boshqa ommaviy tadbirlarni restoran va to‘yxonalarda o‘tkazish taqiqlanadi.

15 avgustdan go‘zallik salonlari va sartaroshxonalar faoliyatiga ham ruxsat berilgan.

Bunda xizmat ko‘rsatuvchi shaxslar shaxsiy himoya vositalari – tibbiy xalat yoki kombinezon, tibbiy niqobda bo‘lishi va tibbiy qo‘lqopdan foydalangan holda telefon yoki onlayn navbatga yozilgan holda «1ta xizmat ko‘rsatuvchi shaxs – 1ta mijoz» tamoyili asosida ishlashi talab etiladi.

Shuningdek, sanatoriylar, pansionatlar, bolalar oromgohlari, mehmonxonalar, mehmon uylari, plyajlar, hostellar, ijaraga beriladigan dala hovlilar va boshqa dam olish maskanlari faoliyati tiklanadi.

Mazkur faoliyatni amalga oshirishda:

  • fuqarolar alohida, bir-biridan ajratilgan holda (har bir oilaga bir xona talabiga rioya etgan holda) joylashtiriladi;
  • bino va xonalar doimiy ravishda dezinfeksiya qilib boriladi, shu jumladan, havoni zararsizlantirish anjomlari bilan jihozlash tavsiya etiladi;
  • bunda mehmon uylari va hostellar faoliyati Respublika maxsus komissiyasining 2020 yil 6 maydagi 21-son yig‘ilish bayonining 2-ilovasi bilan tasdiqlangan Pandemiya sharoitida mehmonxona xizmatlarini tashkil qilish bo‘yicha vaqtinchalik yo‘riqnoma talablari asosida yo‘lga qo‘yiladi. Bunda, xostellar faqatgina bir xonaga oilaviy yoki bir kishidan ortiq bo‘lmagan mehmonlarni qabul qilishga ruxsat beriladi.
Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid