Sud jinoyat olami vakilini ozod qilgan Atamboyevga nisbatan chiqarilgan hukmni o‘z kuchida qoldirdi
Qirg‘izistonda Bishkek shahar sudi hay'ati mamlakatning sobiq prezidenti Almazbek Atamboyevga nisbatan «qonundagi o‘g‘ri» deb ataluvchi kriminal olam vakili Aziz Batukayevning jazodan noqonuniy ozod qilingani bilan bog‘liq ish bo‘yicha hukmni o‘z kuchida qoldirdi, deb xabar beradi «Svodka» (AKIpress).
Sud birinchi instansiya hukmini o‘z kuchida qoldirgan.
Shuningdek, sobiq bosh prokuror Indira Jolduboyeva Qirg‘iziston Respublikasi (eski tahrirdagi) JKning 304-moddasi («Xizmat vakolatini suiiste'mol qilish») bilan aybdor deb topilib, 5 million qirg‘iz so‘mi miqdoridagi jarimaga tortilgan.
Vrach Abduhalim Raimjonov JKning «jinoyatni yashirish» moddasi bo‘yicha aybdor deb topilgan va jinoiy javobgarlikka tortish muddati o‘tgani sababli unga jazo tayinlanmagan.
Jazoni ijro etish davlat xizmati raisining sobiq maslahatchisi Qalibek Qochqinaliyev JKning «korrupsiyaga daxldorlik» moddasi bo‘yicha aybdor deb topilgan va 2 yilga ozodlikdan mahrum etilish jazosi tayinlangan. Uni hibsda ushlash muddati o‘tgani sababli sud zalidan ozod qilingan.
Eslatib o‘tamiz, 23 iyun kuni Bishkekning Birinchi may tumani sudi Almazbek Atamboyevni JKning 319-moddasi («Korrupsiya») bo‘yicha aybdor deb topdi va 11 yilu 2 oy muddatga ozodlikdan mahrum etdi. Sobiq prezident barcha davlat mukofotlaridan ham mahrum etilgan.
Birinchi instansiya sudi qarori ustidan ham himoya tomoni, ham prokuratura norozi bo‘lib shikoyat yozgan. Davlat ayblovchisi sobiq prezidentga ozodlikdan mahrum etish jazosini 15 yilgacha uzaytirishni talab qilgan.
Atamboyev ozod qilib yuborgan deyilayotgan Aziz Batukayev Bishkek yaqinidagi koloniyalardan birida 2006 yilda tartibsizlik keltirib chiqargani uchun 16 yilu 8 oy muddatga ozodlikdan mahrum etilgandi.
Tartibsizlik chog‘ida deputat Tinichbek Aqmatboyev, Jazoni ijro etish bosh boshqarmasi boshlig‘i Hikmatulla Po‘lotov va parlamentning ikki xodimi o‘ldirilgan.
2013 yilda Batukayev unda qon saratonining so‘nggi bosqichi tashxisini qo‘ygan vrachlar komissiyasining xulosasiga ko‘ra qamoqxonadan ozod qilingan. U darhol mamlakatni tark etib, o‘zi tug‘ilib o‘sgan vatani Chechenistonga yo‘l olgan.
Tez orada tibbiy hujjatlar soxtaligi oydinlashgan va Qirg‘iziston hukumatining Batukayevni qaytarishga bo‘lgan urinishlari besamar ketgan.
Jinoyat olami vakilining ozod qilinishi bo‘yicha ishda sobiq prezidentdan tashqari yana uch kishi ayblangan: vrach Abduhalim Raimjanov, sobiq bosh prokuror Indira Jolduboyeva va JIEX raisining sobiq maslahatchisi Qalibek Qochqinaliyev.
Almazbek Atambayev Qirg‘izistonda 2011 yildan 2017 yilgacha prezidentlik lavozimini egallagan va mamlakat tarixida muddati tugagach, inqilobsiz lavozimini tark etgan ilk prezident bo‘lgan. U hokimiyatni o‘zining merosxo‘ri va yaqin hamfikri Sooranboy Jeenbekovga topshirgandi.
Biroq shundan so‘ng sobiq prezident jamoasi va uning o‘ziga nisbatan jinoiy ish ochilgan. 2019 yilda Atamboyevdan daxlsizlik olib tashlandi, o‘sha yilning iyun oyida u hamfikrlari bilan Qo‘ytosh qishlog‘idagi qarorgohida yashab turgan. Avgust oyida rezidensiyani shturm qilib egallashgan, Atamboyev korrupsiyada va ushlash vaqtida tartibsizliklar tashkilotchisi sifatida ayblanib, hibsga olingan.
Mavzuga oid
17:30 / 14.11.2024
Qirg‘iziston Issiqko‘lni saqlab qolish uchun qo‘shnilarga kamroq suv berishi mumkin
22:01 / 12.11.2024
Qirg‘izistonda hokimiyatni egallashga tayyorgarlik ko‘rgan yetti kishi qo‘lga olindi
16:44 / 11.11.2024
Saudiya taraqqiyot jamg‘armasi Qirg‘izistonda 38 ta maktab qurib beradi
17:21 / 06.11.2024