Turkiya prezidenti BAA bilan diplomatik aloqalar to‘xtatilishi mumkinligini aytdi
Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an BAA va Isroil o‘zaro munosabatlarni yaxshilashga kelishib olganini e'lon qilganiga javoban Anqara Abu-Dabidagi elchisini ortga chaqirtirib olishi mumkinligini aytdi. Avvalroq Falastin xuddi shu sababga ko‘ra BAAdan elchisini chaqirtirib olgan.
Erdo‘g‘anning ta'kidlashicha, u Turkiya tashqi ishlar vazirini Anqara shunday choralarga borishi mumkinligidan xabardor qilgan. Turkiya prezidenti BAA va Isroil o‘rtasidagi kelishuvni Falastinga nisbatan “kechirib bo‘lmas qadam” deb atagan.
“Agar zarur bo‘lsa, Abu-Dabidagi elchimizni ortga chaqirtirib olishimiz mumkin, chunki biz Falastin tomondamiz va uning huquqlarini hech kimga berib qo‘ymaymiz”, deb aytgan Erdo‘g‘an.
13 avgust kuni AQSh prezidenti Donald Tramp Isroil va BAA munosabatlarni yaxshilash haqidagi kelishuvga erishganini ma'lum qilgan.
“Biz bugun ulkan muvaffaqiyatga erishdik. Bu bizning katta do‘stlar – Isroil va BAA o‘rtasidagi tarixiy tinchlik sulhidir”, deb yozgan Tramp tvitterda.
Kelishuv doirasida Isroil Falastin hududlarini qo‘shib olish bo‘yicha rejasini to‘xtatishga rozi bo‘lgan.
Isroil va BAA delegatsiyalari yaqin haftalarda investitsiya, turizm, aviaaloqa, xavfsizlik, texnologiyalar, energetika, sog‘liqni saqlash, atrof-muhit, madaniyat va boshqa sohalarda ikki tomonlama kelishuvlarni imzolash uchun uchrashadi. Shuningdek, yaqin orada ikki davlatda elchixonalar ochilishi kutilmoqda.
BAA Iordaniya va Misrdan keyin Isroil bilan faol diplomatik aloqalarni o‘rnatishga rozi bo‘lgan uchinchi arab davlati bo‘ldi.