Yuz ming o‘lim dahshati. Braziliya qanday qilib bu holga tushib qoldi?
Braziliyada koronavirusdan vafot etganlar soni 100 mingdan, virusga chalinish bilan bog‘liq holatlarning umumiy soni esa 3 milliondan oshgan. Ushbu raqamlar bilan bu davlat qurbonlar soni bo‘yicha AQShdan keyin ikkinchi bo‘lib turibdi.
Testlar yetishmasligi tufayli bu raqamlar, aslida, ancha yuqori bo‘lishi mumkinligi taxmin qilinmoqda. Mamlakatda epidemiya tarqalishi sekinlashayotganiga oid hech qanday alomatlar yo‘q.
Virusga qarshi kurashda muvofiqlashtirilgan rejaning o‘zi yo‘q
Braziliyada koronavirusning yangi turi tufayli vafot etganlar soni dastlabki uch oyda 50 ming atrofida edi. Ammo keyingi 50 kun ichida ushbu raqam ikki baravar ko‘paydi. Ayni paytga qadar aniqlangan holatlar soni qariyb 3 million 230 mingni tashkil qilmoqda.
Olimlar pandemiya hali o‘zining cho‘qqisiga ko‘tarilmagani haqida ogohlantirmoqda. Biroq mamlakatda odamlar to‘planadigan joylar, masalan, do‘kon va restoranlar o‘z faoliyatini odatiy tarzda davom ettirmoqda.
Braziliyaning o‘ta o‘ngchi prezidenti Jair Bolsonaro o‘z bayonotlarida virusni jiddiy qabul qilmagan va iqtisodiyotga salbiy ta'sir ko‘rsatadigan choralar ko‘rishga qarshiligini ta'kidlab keladi.
O‘zi ham virus yuqtirib olib, davolanib chiqqan Bolsonaro shtatlarning gubernatorlari tomonidan virus tarqalishining oldini olish bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarga qarshi chiqdi va hatto vaqti-vaqti bilan niqob taqmagan holda o‘z tarafdorlari tomonidan tashkil etilgan namoyishlarda qatnashdi.
Mutaxassislarning ta'kidlashicha, Bolsonaro hukumatida koronavirus bilan kurashish bo‘yicha koordinatsiyali rejaning o‘zi yo‘q.
Mahalliy hokimiyatlar iqtisodiyotni qayta tiklash maqsadida cheklovlarni olib tashlash uchun bir qator choralar ko‘rishga tayyorlanayotgan bir paytda bu holat virusning yanada tez tarqalishiga sabab bo‘lishi mumkin, degan xavotirlar ortmoqda.
Braziliya inqirozga qarshi qanday choralar ko‘rdi?
Braziliyada sog‘liqni saqlash vaziri lavozimida mazkur sohada umuman tajribaga ega bo‘lmagan bir general faoliyat yuritmoqda. Pandemiya davrida mutaxassisligi shifokor bo‘lgan ikki vazir davolash jarayonida gidroksixloroxinni qo‘llash bo‘yicha prezident bilan kelishmovchilikka borib qoldi va natijada ularning har ikkisi iste'foga chiqdi.
Covid-19’ni «yengil gripp» deb ta'riflagan va epidemiya bilan bog‘liq munosabati tufayli o‘z mamlakatida va chet elda tinimsiz tanqid qilinayotgan Bolsonaro bezgakni davolashda ishlatiladigan gidroksixloroxin tufayli shifo topganini aytmoqda.
Yuqumli kasalliklar jamiyatining a'zosi, doktor Xose Davi Urbayez Reuters axborot agentligiga intervyusida vaziyatni qoraladi.
«Biz jahon urushi kabi fojiani boshdan kechirmoqdamiz va, aslida, chorasizlikka g‘arq bo‘ladigan holga tushmasligimiz kerak edi. Ammo butun Braziliya xuddi behushdek yashamoqda. Hukumatning bugungi xabarini qarang: «Hammangiz virusni yuqtirib oling, agar ahvolingiz yomonlashsa, intensiv terapiyamiz bor». Amaldagi siyosatning ta'limoti shu», dedi u.
Virusga chalinish holatlari qayerlarda ko‘p uchramoqda?
So‘nggi haftalarda holatlar soni mamlakatning janub va g‘arbiy qismidagi qishloq joylarida tez sur'atlar bilan o‘smoqda. Biroq aholisi eng zich bo‘lgan San-Paulu shahrida kasallanish holatlari ko‘payishi nazorat ostiga olinganday taassurot uyg‘otmoqda.
Shimoliy shtatlar hamda barlar va plyajlardagi gavjumlik buyuk dahshatga yo‘l ochgan Rio-de-Janeyroda yangi holatlarning ko‘payishi biroz sekinlashdi.
Rio de Paz nohukumat tashkiloti o‘tgan shanba kuni epidemiya oqibatida hayotdan ko‘z yumganlarni xotirlash uchun Rio shahridagi dunyoga mashhur Kopakabana plyajida qum ustiga xoch qo‘yib chiqdi va ularga mingta qizil sharlar bog‘ladi.
Epidemiya paytida farzandidan ayrilgan va xotira marosimida qatnashgan 56 yoshli Marsio du Nasimentu Silva Associated Press agentligiga bergan intervyusida shunday dedi: «Biz muhim bir chegaraga yetib keldik, ammo hukumat ham, jamoatdagi aksar odamlar ham bundan bexabar ko‘rinadi. O‘lim odatiy holga aylandi».
Epidemiya, ayniqsa, afrikaliklar va «favela» deb nomlanuvchi xarobalarda yashovchilar orasida keskin avj oldi. Virus mahalliy aholi orasida ham tez tarqalishi mumkin, degan xavotirlar ham mavjud. Braziliyaning eng yirik tubjoy jamoalari federatsiyasi – Apib shu paytgacha mahalliy aholining 22 ming 300 nafari virusni yuqtirib olgani, 633 kishi vafot etganini ma'lum qildi.
Braziliya Senati raisi Devi Alkolumbre Kongressda to‘rt kunlik motam e'lon qildi. Biroq mamlakat prezidenti Bolsonaro bu borada hech qanday bayonot bermadi va o‘z nutqida vafot etganlarga achinayotganini aytdi. «Barcha o‘z hayotini davom ettirishi lozim», dedi u.
Keti Ueyson – Janubiy Amerika muxbiri
Braziliyada koronavirus tufayli 100 ming kishi vafot etgani e'lon qilinganda ham San-Paulu shahrida tantanalar va mushakbozlik davom etayotgandi. Yuzlab odamlar mamlakatning yetakchi futbol jamoalaridan biri bo‘lgan «Palmeyras»ning azaliy raqibi «Korinf» ustidan penaltilar seriyasida g‘alaba qozonib, chempionlikni qo‘lga kiritganini nishonlardi.
Mana shunday vaziyatda ham prezident Bolsonaro aholini ogohlantirish o‘rniga g‘olib jamoaga tabrik yo‘lladi. Bu esa davlat rahbarining epidemiyaga munosabati haqida xulosa beradi.
Yakshanba kuni chop etilgan Braziliya gazetalarida prezidentga nisbatan keskin tanqidlar yog‘dirildi. Bolsonaroning vaziyatga befarqligi va uning hamdardlik bildirishdan yiroq ekanligi gazetalarda keng yoritildi.
Odamlar Bolsonaroning ko‘plab cheklovlar bekor qilinayotgan va virusga chalinish holatlari pasaymayotgan bir vaziyatda yetakchilik fazilatlarini namoyish eta olmayotganidan jiddiy xavotir tushishmoqda.
Mavzuga oid
23:05 / 06.11.2024
Braziliyalik politsiyachi Interpol rahbarligiga saylandi
17:08 / 02.11.2024
Braziliyada kattaligi chumoliday keladigan qurbaqa topildi
09:30 / 21.10.2024
Braziliya prezidenti BRICS sammitiga parvozini bekor qildi
14:10 / 09.10.2024