Jahon | 11:52 / 15.08.2020
9801
2 daqiqa o‘qiladi

Belarusdagi namoyishlarning oltinchi kuni tinch o‘tdi

Belarus poytaxti Minsk va boshqa shaharlardagi juma kungi namoyishlar nihoyasiga yetdi va odamlar uyiga tarqaldi.

Foto: EPA/Vostok-photo

Interfaks xabariga ko‘ra, namoyishlarda militsiya va harbiylar tomonidan odamlarga nisbatan kuch ishlatilmadi, hech kim hibsga olinmadi.

Juma kuni tibbiyot xodimlari shifoxonalar oldida «birdamlik zanjiri»ni hosil qilib, huquq-tartibot idoralari xodimlarining kuch ishlatishiga qarshi namoyish o‘tkazdilar. Belgosfilarmoniya oldiga musiqachilar va o‘qituvchilar to‘planishdi. Shuningdek, ayollar kolonna bo‘lib, «Nezavisimost» xiyoboni bo‘ylab yurishdi. Ularga ko‘plab yangi namoyishchilar qo‘shilishdi.

Minsk shahridagi barcha taksi xizmati haydovchilari namoyishchilarni qo‘llab-quvvatlashdi. 

Bundan tashqari, Belarusning bir necha sanoat korxonalari ishchilari ommaviy chiqishlar qilishdi. Ular orasida Belaruskaliy, Minsk traktor zavodi (MTZ), Minsk avtomobil zavodi (MAZ), Minsk g‘ildirakli traktorlar zavodi, Naftan, «Grodno Azot», Minsk metropoliteni, Yuqori texnologiyalar parki va boshqalar bor. 

Ishchilar prezidentlik saylovini qaytadan o‘tkazishni, ovozlarning oshkora sanalishini, namoyishlarda qo‘lga olinganlarning qo‘yib yuborilishini, kuchishlatar xodimlarning zo‘ravonligiga barham berilishini talab qilishdi.

Bundan tashqari, Brest, Grodno va boshqa shaharlarda namoyishchilar mer bilan uchrashishdi. 

Ish kuni yakunida MTZ ishchilari va namoyishchilar Hukumat uyi oldida to‘planishdi. Ularning soni 2,5 – 5 mingni tashkil qilgani aytildi. Aksiya tinch o‘tdi, militsiya unga qarshilik ko‘rsatmadi, kuch ishlatmadi. 

Bir vaqtning o‘zida poytaxtning bir necha rayonlarida kichik namoyishlar bo‘lib o‘tdi.

Belarusda 9 avgustdan beri norozilik namoyishlari davom etmoqda. Fuqarolar prezident saylovining rasmiy natijalariga qarshi chiqishmoqda. Avvalgi kunlarda namoyishchilar va kuchishlatar idoralari xodimlari o‘rtasida to‘qnashuvlar yuzaga kelgan, ko‘plab namoyishchilar hibsga olingan edi.

Mavzuga oid