O‘zbekiston | 08:22 / 17.08.2020
2260
5 daqiqa o‘qiladi

Ichki audit xizmati xodimlarini sertifikatlash tartibi tasdiqlanadi

Ichki audit xizmati xodimlarini sertifikatlash tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlanadi.

Vazirlar Mahkamasining “Ichki audit xizmati xodimlarini sertifikatlash tartibi to‘g‘risidagi nizom haqida”gi qarori loyihasi e'lon qilindi.

Belgilab qo‘yilishicha, 2021 yil 1 yanvardan boshlab amal qiladigan quyidagilarni nazarda tutuvchi Ichki audit xizmati xodimlarini sertifikatlash tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlanadi:

ichki auditor  sertifikatini dastlab besh yillik muddatga berish, navbatdagi muddatini o‘n yilga uzaytirish va undan keyin muddatsiz davrga berish;

xalqaro sertifikati mavjud bo‘lganda ichki auditor  sertifikatini berishni va amal qilish muddatini uzaytirishni, shuningdek, 10 yildan kam bo‘lmagan uzluksiz ichki auditor ish staji mavjud ichki auditor  sertifikatining amal qilishini muddatsiz davrga uzaytirishni malaka imtihonini topshirmasdan amalga oshirish;

«buxgalteriya hisobi» va «audit» mutaxassisliklari bo‘yicha magistr diplomiga ega bo‘lgan ichki auditor  sertifikatini olishga talabgorlar uchun ish staji talabini o‘rnatmaslik;

malaka imtihonini test sinovi usulida kompyuter texnikasidan foydalangan holda o‘tkazish.

Sertifikat egasi sertifikat olingan yildan keyingi yildan boshlab har yili malaka oshirish kurslaridan o‘tishi shart. Xalqaro sertifikatga ega ichki auditor mazkur sertifikati bilan bog‘liq malaka oshirishlari har yili malaka oshirish kurslaridan o‘tganligi kabi tan olinadi.

Malaka imtihonini o‘tkazuvchi komissiya tarkibiga O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va buxgalterlar va auditorlarning jamoat birlashmalari vakillari, zaruriyat bo‘lganda, buxgalteriya hisobi, audit, soliq solish va xo‘jalik huquqi sohalarining yetakchi mutaxassislari kiritiladi.

Komissiya buxgalterlar va auditorlarning jamoat birlashmalari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan kelishilgan holda kamida beshta a'zodan, shu jumladan, komissiya raisidan iborat tarkibda tuziladi.

Sertifikat olish, amal qilishini uzaytirish, qayta rasmiylashtirish, shuningdek uning dublikatini berish haqidagi arizani ko‘rib chiqish uchun talabgor (sertifikat egasi) tomonidan mazkur Nizomda belgilangan miqdorlarda yig‘im to‘lanadi. Yig‘im buxgalterlar va auditorlarning jamoat birlashmalari hisob raqamiga o‘tkaziladi va malaka imtihonlarini tashkil qilish, sertifikatlarni rasmiylashtirish bilan bog‘liq xarajatlarni qoplash uchun ishlatiladi. Yig‘im to‘lash uchun bank rekvizitlari to‘g‘risidagi ma'lumotlar buxgalterlar va auditorlarning jamoat birlashmalari veb-saytlariga joylashtiriladi.

O‘quv markazlari:

Buxgalteriya hisobi va audit sohasidagi xalqaro tashkilotlardan akkreditatsiyadan o‘tgan o‘quv markazlari tomonidan 20 soatli malaka oshirish  kurslari tashkil etiladi;

sertifikat blankiga sertifikat egasining har yili malaka oshirish kursini o‘taganligini tasdiqlovchi yozuv kiritadi;

O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligiga har chorakda, keyingi oyning 10-sanasidan kechiktirmay sertifikat egasining malaka oshirish kursini o‘taganligi to‘g‘risida axborot taqdim etadi.

Buxgalterlar va auditorlarning jamoat birlashmalari:

malaka imtihonini o‘tkazishni tashkil qiladi, shuningdek o‘zlarining veb-saytlariga malaka imtihonini o‘tkazish sanasi, vaqti va joyi to‘g‘risidagi axborotni joylashtiradi;

test savollarini va javob variantlarini tuzadi hamda ularni malaka imtihonini o‘tkazish sanasidan yigirma kun oldin O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligiga taqdim etadi;

Test savollariga kiritilgan fanlar bo‘yicha mavzularni veb-saytiga joylashtirish;

talabgorlarni malaka imtihoniga qo‘yish yoki rad etish to‘g‘risida qaror qabul qiladi;

O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligiga malaka imtihoni o‘tkazilgan sanadan boshlab o‘n besh kundan kechiktirmay malaka imtihoni natijalari bo‘yicha talabgorlarga berilgan sertifikatlar to‘g‘risida axborot taqdim etadi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid