O‘zbekiston | 19:09 / 17.08.2020
19046
3 daqiqa o‘qiladi

Mahalliy rahbarlar tegishli hududlar va sohalarda koronavirus bilan bog‘liq vaziyatga mas'ul bo‘lishi belgilandi

Prezident Shavkat Mirziyoyev xorijda mehnat qilayotgan O‘zbekiston fuqarolariga munosib shart-sharoitlar yaratish va ular bilan tizimli ishlash chora-tadbirlari yuzasidan yig‘ilish o‘tkazmoqda.

Tadbir avvalida bugun mamlakatda pandemiya bilan bog‘liq vaziyat tahlil qilindi.

Jumladan, iyul va avgust oylarida koronavirusga qarshi kurash bo‘yicha ishlar keskin kuchaytirilgani natijasida unga chalinganlarga nisbatan sog‘ayganlar soni ancha ortgani qayd etildi. Xususan, oxirgi 5 kunda tuzalib chiqqanlar ulushi 77 foizdan 87 foizga oshdi. Davolanayotganlar soni 7 ming nafardan 4 mingtaga tushdi.

Buning ortida, albatta, shifokorlarning mashaqqatli mehnati yotgani qayd etilgan.

«Takror va takror aytaman: har bir fuqaroning sog‘lig‘i va hayoti biz uchun muhim. Biz xalqimizni koronavirus balosidan asrab qolish uchun barcha kuch-imkoniyatlarni ishga solayapmiz, jahondagi eng ilg‘or davolash tajribalarini olib kelyapmiz», dedi davlat rahbari.

Yaqin kunlarda Rossiyadan qirqqa yaqin, Xitoydan o‘n nafar yuqori malakali mutaxassislar yetib kelgani, ularni hududlarga taqsimlab, joylarda bemorlarni eng samarali usullar bilan davolash va mahalliy shifokorlarni ham o‘rgatish ishlari tashkil qilinishi ta'kidlandi.

Xalqimiz ortiqcha qiynalmasligi uchun, fuqarolarimizning murojaatlaridan kelib chiqib karantin talablari yumshatilgani, lekin endi aholi jamoat joylarida ko‘proq bo‘lishi sababli COVID-19 tarqalishi xavfi sezilarli darajada oshishi ham eslatib o‘tildi.

Shu bois, odamlarga yanada mas'uliyatli bo‘lib, o‘zlarini va yaqinlarini virusdan himoya qilish bo‘yicha talablarga qat'iy amal qilishlari kerakligini tushuntirish, amaliy yordam berish va nazorat qilish lozimligi aytildi.

«Temir intizom» hammamiz uchun eng birinchi masala bo‘lib qolishi kerak. Korxonalar, tashkilotlar, qishloq xo‘jaligi sohasi va qurilish maydonlari, transport va jamoat joylarida ham ushbu talablarga qat'iy amal qilish zarur», – deya ta'kidlagan prezident.

Barcha darajadagi hokimlar, sektorlar, sog‘liqni saqlash, mahalla, ichki ishlar va boshqa tizimlar rahbarlari tegishli hududlar va sohalarda koronavirus bilan bog‘liq vaziyatga shaxsan mas'ul va javobgar bo‘lishlari belgilandi.

Mavzuga oid