Jamiyat | 19:28 / 17.08.2020
12389
3 daqiqa o‘qiladi

Turdimov karantin tugamaganini eslatdi va Urgutdagi maxsus shifoxona haqida ma'lumot berdi

Bugun, 17 avgust kuni Samarqandda viloyat epidemiyaga qarshi kurashish favqulodda komissiyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda nutq so‘zlagan viloyat hokimi Erkinjon Turdimov karantin cheklovlari yumshatilganiga e'tibor qaratib, viloyat aholisiga karantin hali tugamagani, balki uning bir qator cheklovlari yumshatilganini eslatdi va odamlardan karantin qoidalariga amal qilishda davom etishlarini so‘radi.

Foto: Samarqand viloyat hokimligi

«Hurmatli samarqandliklar, karantin tugamadi, balki uning choralari yengillashtirildi. Shunday ekan sizlardan karantin qoidalariga rioya qilishni, jumladan niqob taqish va odamlar bilan o‘zaro muloqotda ijtimoiy masofani saqlashda davom etishni so‘rayman», dedi viloyat hokimi.

Viloyatda koronavirusga qarshi kurash haqida gapirar ekan Erkinjon Turdimov shifokorlarning malakasi ancha oshganini aytdi. Shuningdek, u viloyatda tibbiyot sohasini yanada rivojlantirish va mukammal ko‘rinishga keltirish uchun qilinadigan ishlar ko‘pligini, yaqin kelajakda ana o‘sha ishlar navbati bilan bajarilishini ma'lum qildi.

Turdimov tibbiyot xodimlariga tosh otayotganlarga murojaat qilib bugun shifokorlar uchun og‘ir vaqtda ularni yomonlab, ruhiyatiga ta'sir qilmaslikni so‘radi: «Tibbiyot xodimlari orasida o‘z kasbiga noloyiq xodim yo‘q demayman, ammo bir kishining aybi uchun butun tizimni ayblash juda noto‘g‘ri ish», dedi Erkinjon Turdimov.

Samarqand viloyatida koronavirusga chalingan bemorlarni davolashga ixtisoslashgan shifoxonalar haqida gapirgan viloyat hokimi Urgutda tashkil etilayotgan tibbiy muassasani alohida ta'kidlab o‘tdi.

«Urgut aholisi ko‘p tuman hisoblanadi. Shu uchun u yerda tibbiyot kolleji negizida 500 o‘ringa mo‘ljallangan koronavirus va pnevmoniyaga chalingan bemorlarni davolaydigan maxsus shifoxona tashkil etilayapti. Nega bu ishni qilayapmiz? Mabodo Urgut tumanida koronavirusga chalingan bemorlar soni keskin ko‘paysa, ilohim unday bo‘lmasin, bu tuman aholisi uzoq yo‘l bosib, sarson bo‘lib o‘z bemorlarini Samarqand shahriga olib kelmaydi. Ular Urgutning o‘zida davolanadi», dedi Turdimov.

Viloyat hokimining ma'lum qilishicha bugun viloyatda barcha ixtisoslashgan shifoxonalar o‘z sohasi bo‘yicha bemorlarni qabul qilyapti. Koronavirus va pnevmoniya bilan og‘rigan bemorlar uchun esa alohida shifoxonalar tayyorlab qo‘yilgan.

Mavzuga oid