Kontrakt uchun 10 foizlik chegirma bazaviy miqdor uchun belgilanganiga izoh berildi
Moliya vazirligi departament direktori Nodir Muslitdinov oliy ta'lim muassasalarida to‘lov-kontrakt uchun berilayotgan 10 foizlik chegirma kontraktning stipendiyasiz shakli uchun belgilanganiga izoh berdi.
Unga ko‘ra, chegirma kontraktning to‘liq summasi uchun berilsa, o‘rtada budjetga zarar yuzaga keladi.
«Chegirma nega kontraktning stipendiyasiz, ya'ni bazaviy miqdori uchun berilayotgani kontrakt pulining shakllanishi bilan bog‘liq. Ta'lim xarajatlari hisoblanib, kontraktning bazaviy miqdori belgilanadi. Talaba stipendiya olib o‘qishni istasa, mazkur to‘lovga qo‘shimcha tarzda stipendiya summasi hisoblanadi. Talaba istasa stipendiyali, istasa stipendiyasiz kontraktni to‘lashi mumkin. Kontrakt summasining stipendiya uchun qo‘shilgan qiymati yana talabaning o‘ziga qaytib keladi.
Agar biz chegirmani kontraktning umumiy summasi (ya'ni stipendiya miqdori qo‘shilgan shakli) uchun belgilasak, talabaga stipendiya bo‘lib qaytgan summadan qolgan farqni qoplab berishimizga to‘g‘ri keladi. Bu esa budjetga zarar bo‘ladi», dedi Muslitdinov Senatning Fan, ta'lim sog‘liqni saqlash qo‘mitasining davra suhbatida.
Qayd etib o‘tish kerakki, chegirma bazaviy kontrakt miqdoridan kelib chiqib belgilangan bo‘lsa-da, kontraktning ham stipendiyali, ham stipendiyasiz shakli uchun amal qiladi.
Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi boshqarma boshlig‘i Maqsud Hamroyevning so‘zlariga ko‘ra, hozirda respublika oliy ta'lim muassasalarida to‘lov-kontrakt asosida o‘qiyotgan talabalarning 70 foizdan ko‘prog‘i kontraktning stipendiyasiz shaklini tanlagan.
Eslatib o‘tamiz, Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi hamda Moliya vazirligi tomonidan ishlab chiqilan taklifga asosan 2020/21 o‘quv yilida amaldagi bazaviy to‘lov-kontrakt miqdori uchun kunduzgi shaklda o‘qiydigan barcha talabalarga 10 foiz chegirma berililishi aytilgan edi.
Senator Odiljon Iminov mazkur chegirma miqdorini talabalarning moddiy holatidan kelib chiqqan holda tabaqalashtirishni taklif qilgan.
Mavzuga oid
19:47 / 26.02.2021
Viloyat hokimliklari 100 nafardan xotin-qizlarning kontraktini to‘lab beradi - prezident
10:14 / 26.02.2021
OTMda ikki va undan ortiq farzandi kontraktda o‘qiyotgan oilalarga imtiyozli ta'lim kreditlari berilishi mo‘ljallanmoqda
16:24 / 06.02.2021
«Yoshlar ta'lim granti» loyihasi doirasida 203 nafar talabaning shartnoma puli 50 foizgacha bo‘lgan qismda to‘lab berildi
17:16 / 01.02.2021