O‘zbekiston | 14:43 / 19.08.2020
15018
3 daqiqa o‘qiladi

Koreyaga qaytib ketish uchun qanday jarayonlardan o‘tish kerak? – mutaxassis izoh berdi

AOKAda bo‘lib o‘tgan brifingda Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi Axborot xizmati rahbari Ortiqxo‘ja Norov fuqarolardan kelib tushgan savollarga javob berdi.

Jumladan, murojaatlardan birida fuqaro Koreyadan O‘zbekistonga ta'til olib kelgani, Koreyaga kirishga ruxsat berilgach, qaytib ketish uchun qanday jarayonlardan o‘tishi kerakligi haqida so‘ragan.

“Pandemiya davrida Koreya Respublikasi hududiga kirishga ruxsat olish uchun mazkur davlatga kirishdan oldin 14 kunlik majburiy karantin talablariga rioya qilish bo‘yicha rozilik bitimida ish beruvchi bilan kelishgan holda karantin manzilini ko‘rsatish shart. Karantin manzili ID kartadagi oxirgi ko‘rsatilgan manzilga yaqin hududda bo‘lishi talab etiladi. Shuningdek, bu ma'lumotlarni ta'tilga kelgan fuqarolar uchun ochilgan “@tatil2020” telegram manziliga koreys tilida yuborishingiz so‘raladi.

Bundan tashqari, ish beruvchi bilan muntazam aloqada bo‘lib turish hamda (www.eps.go.kr saytidagi) shaxsiy kabinet ma'lumotlarini tekshirib borish tavsiya etiladi. 

Shaxsiy kabinetdagi ma'lumotlar o‘zgarsa, ya'ni mehnat shartnomasi ish beruvchi tomonidan bekor qilingan taqdirda, bu haqda Tashqi mehnat migratsiyasi agentligiga xabar berishingiz so‘raladi.

Mehnat shartnomasi bekor qilingan va viza amal qilish muddati tugamagan fuqarolar shartnoma rad etilgan kundan boshlab 1 oy muddatda Koreya Respublikasiga kirib borishi yoki Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining Koreyadagi vakolatxonasiga (+8270 4252 2772) murojaat etishi lozim.

Shuningdek, Koreya Respublikasining O‘zbekistondagi elchixonasi tomonidan tavsiya qilingan tibbiyot muassasalarida jo‘nab ketishdan 48 soat oldin koronavirusga test topshirish belgilangan.

Agar fuqaroda Koreya hududiga kirib borgach koronavirus infeksiyasi aniqlansa, u maxsus davolanish muassasasida o‘z hisobidan davolanadi.

Fuqaro tomonidan noto‘g‘ri ma'lumotlar berilishi uning Koreya Respublikasi hududiga kirishi uchun taqiq qo‘yilishiga sabab bo‘lishi mumkin”, - deya javob berdi Ortiqxo‘ja Norov.

Yana bir murojaatda esa “Koreyadan mehnat faoliyatimni tugatib qaytishimda Samsung Xvaji oylik ish haqimni olishga ulgurmadim. Pulimni O‘zbekistonda olishimni aytishdi. Men pulimni qanaqa tartibda olaman”, deya so‘ralgan.

“Siz olishga ulgurmagan oylik ish haqingiz 2 haftadan so‘ng avtomatik tarzda Toshkentdagi EPS-markazi hisob-raqamiga o‘tkaziladi. 

Markazga murojaat qilib, talab qilingan hujjatlarni taqdim etsangiz,  bankda ochilgan valuta hisob-raqamingizga pul o‘tkazib beriladi” - dedi agentlik mutasaddisi.

Mavzuga oid