Jahon | 13:55 / 20.08.2020
8379
4 daqiqa o‘qiladi

Germaniya aholiga hech qanday sharsiz 1200 yevro to‘lash bo‘yicha uch yillik tajribani boshladi

Germaniya tajribaga start berdi, unda ishtirokchilar uch yil davomida har oy 1200 yevro miqdoridagi pulni hech qanday qo‘shimcha shart yoki talabsiz oladi. Finlyandiyada shunga o‘xshash tajriba shuni ko‘rsatdiki, ishsizlik darajasi bu tufayli pasaymaydi, ammo odamlar o‘zlarini baxtliroq his qiladi.

Foto: en24news

Germaniya shu hafta maxsus tajribani boshlamoqda, unda 120 kishidan iborat guruhga uch yil davomida har oy 1200 yevro miqdorida pul to‘lanadi - hech qanday shart yoki talabsiz, bu shunchaki bazaviy daromad bo‘ladi, deya xabar qildi Business Insider. Tajribaning maqsadi - bunday naqd pul to‘lovlari iqtisodiyot va insonlar farovonligiga qanday ta'sir qilishini tushunish.

Tajriba doirasida taklif qilingan pul miqdori Germaniyadagi qashshoqlik darajasidan biroz yuqoridir. To‘lovni oladiganlarning ahvoli pul olmaydigan 1380 kishi bilan taqqoslanadi. Eksperiment Germaniya Iqtisodiy tadqiqotlar instituti tomonidan o‘tkazilmoqda. Tajriba uchun budjet xayriya mablag‘lari hisobiga shakllantirildi. Eksperiment davomida ishtirokchilardan bunday daromadning ta'siri qanchalik muhimligini tushunish uchun hayoti, ishi va ruhiy holati to‘g‘risida so‘rovnomalarni to‘ldirish so‘raladi.

Bazaviy daromad hukumat har bir fuqarosiga, ularning daromadi yoki ish joyidan qat'i nazar, har oy ma'lum miqdorda pul to‘lashi kerak degan g‘oyani anglatadi. Ushbu to‘lovlar byurokratik to‘siqlar bilan murakkablashadigan ijtimoiy nafaqalarning o‘rnini bosishi mumkin. Bunday to‘lovlarning tarafdorlari fikricha, u daromadlar tengsizligini kamaytiradi va odamlar farovonligini yaxshilab, ularga ko‘proq moliyaviy ishonch beradi, deb yozmoqda Business Insider. Bunga qarshilar esa bu chora juda qimmat, deb hisoblashmoqda. Bildirilishicha, u tufayli odamlarda ishlash uchun hech qanday sabab bo‘lmay qolishi mumkin. Ushbu g‘oya so‘nggi yillarda moliyaviy inqiroz va tobora kuchayib borayotgan tengsizlik sababli g‘arb mamlakatlari e'tiborini tortdi.

Eksperiment rahbari Yurgen Shlyuppning Der Spiegel nemis gazetasiga ma'lum qilishicha, Germaniya tajribasi yangi ilmiy ma'lumotlar taqdim etadi. «Shu paytgacha bazaviy daromad borasidagi munozaralar yaxshi paytlardagi falsafa saloniga va yomon kunlardagi ishonch uchun urushga o‘xshab qolgandi», - dedi Shlyupp. Uning so‘zlariga ko‘ra, ikkala tomon ham stereotiplarga tayanadi: qarshi bo‘lganlar fikricha, bazaviy daromadga ega odamlar divanda fastfud bilan o‘tirib, serial tomosha qilishni afzal ko‘rishadi, tarafdorlar esa odamlar ishlashni davom ettirishi, ularda ijodiy yondashuv ortishi hamda xayriyaga e'tiborni kuchaytirishi, demokratiyaga moyil bo‘lishiga ishonishadi. Shlyuppning umid qilishicha, nemis tajribasi ushbu stereotiplarni haqiqiy ma'lumotlar bilan almashtiradi.

Finlyandiyada bazaviy daromadga ega bo‘lgan shu kabi eksperiment 2017 yil yanvaridan 2018 yil dekabrigacha o‘tkazilgan. 2000 nafar ishsiz fuqaro oyiga 560 yevro olgan - bu Finlyandiyada yashash darajasidan ancha past (2018 yilda u 1160 yevro edi). Tajriba natijasida mamlakatda ishsizlik darajasi pasaymadi, ammo ishtirokchilar o‘zlarini baxtli his qilishganini va kamroq stressni boshdan kechirganliklarini ta'kidladilar. Ba'zi fuqarolar haqiqatdan ham ish topishgan, ammo ularning ulushi pul olmaganlar guruhidagi shaxslar sonidan yuqori bo‘lmagan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid