Jahon | 21:55 / 20.08.2020
12016
4 daqiqa o‘qiladi

Janubiy Koreya razvedkasi: Kim Chen In vakolatlarining bir qismini singlisiga berdi

Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen In vakolatlarining bir qismini kenja singlisi Kim Yo Chjonga berdi, deb ta'kidlamoqda Janubiy Koreya razvedkasi.

Kim Yo Chjon / Foto: Reuters

Hokimiyat Kim Chen In qo‘lida qolgan, ammo uning stress darajasini pasaytirish maqsadida, davlat siyosatining ba'zi jihatlari yaqinlari zimmasiga yuklatilgan.

«KXDR yetakchisi hokimiyatni qo‘lida to‘liq saqlab qoladi, ammo vakolatlarining bir qismi boshqalarga beriladi», - deb razvedkachilar xulosasini keltirmoqda BBC.

Kim Yo Chjon bundan buyon Pxenyanning AQSh va Janubiy Koreya bilan munosabatlariga mas'ul bo‘ladi. Bu esa uning mamlakatdagi ikkinchi shaxsga aylanganini anglatmoqda.

Qayd qilish joizki, Janubiy Koreya razvedkasining bundan oldingi ba'zi xulosalari o‘z tasdig‘ini topmagan. NKNews portali esa bu safargi xulosaga qo‘shilmayapti va avgust oyida Kim Chen Inning singlisi 2ta muhim yig‘ilishni o‘tkazib yuborgani uchun, uning lavozimi pasaytirilgan bo‘lishi mumkin deb hisoblamoqda.

Kim Yo Chjon kim?

Kim Yo Chjon – Kim Chen Inning kenja singlisi, boshqa oila a'zolariga nisbatan unga yaqinroq hisoblanadi. U 1987 yilda tug‘ilgan va Kim Chen Indan 4 yosh kichik. Ikkalasi ham keyinchalik Shveytsariyada birga o‘qishgan.

Kim Yo Chjon 2018 yilda xalqaro matbuot nazariga tushdi. U Kim oilasining Janubiy Koreyaga tashrif buyurgan ilk vakili bo‘ldi.

U Qishki Olimpiada o‘yinlarida shimolliklar delegatsiyasi tarkibiga kiritildi. Olimpiadada Shimoliy va Janubiy Koreya sportchilari yagona jamoa sifatida ishtirok etishgan edi.

Shuningdek, u xalqaro sammitlarda ham akasining yonida bo‘ldi. Jumladan, Janubiy Koreya prezidenti Mun Chje In, Xitoy rahbari Si Tszinpin va AQSh prezidenti Donald Tramp bilan bo‘lgan uchrashuvlarda ishtirok etdi.

BBC nashrining Seuldagi muxbiri Lora Biker fikriga ko‘ra, Kim Yo Chjon karerasining yuqorilab borayotganiga shubha yo‘q.

U o‘zining ilk ommaviy bayonotini shu yilning mart oyida bergan va Janubiy Koreyani keskin tanqid qilgan edi. Shuningdek, o‘ziga «oliy yetakchi, partiya va hukumat» tomonidan vakolat berilganini ta'kidlagandi.

U Kim Chen In va AQSh prezidenti Donald Tramp o‘rtasidagi ikkinchi sammit shu yili o‘tkazilishi mumkinligini, KXDR esa AQSh uchun hech qanday tahdid emasligini aytgandi.

Ba'zi ekspertlar fikriga ko‘ra, bu so‘zlar Pxenyanning AQSh va Janubiy Koreya bilan munosabatlariga aynan Kim Yo Chjon mas'ul bo‘lganiga ishora qiladi.

Ammo, bu uning Shimoliy Koreyaning keyingi rahbari bo‘lishini anglatmaydi. KXDR ichki va tashqi siyosatining ba'zi muhim jihatlari bo‘yicha mas'uliyat rahbariyatning boshqa a'zolariga ham yuklatilgan.

Janubiy Koreya razvedkasi xulosasiga ishonch bildirsa bo‘ladimi?

Shimoliy Koreya – dunyoning eng yopiq mamlakatlaridan biri. Janubiy Koreya razvedkasi esa bu mamlakatda yuz berayotgan voqealar bo‘yicha ko‘plab ma'lumotlarga ega. Ammo o‘tmishda idora jiddiy xatolarga ham yo‘l qo‘ygan.

Masalan, 2016 yilda Janubiy Koreya matbuoti razvedka ma'lumotlariga tayangan holda, KXDR bosh shtabi rahbari Li Yon Gil qatl etilgani haqida xabar bergan edi. Biroq, 3 oy o‘tgach, Janubiy Koreya hukumati uning tirik ekanini ma'lum qildi.

Mavzuga oid