Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Erdo‘g‘an Turkiya uchun “yangi davrni ochadigan” yangilik haqida ma'lum qilishini aytdi
Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an 21 avgustda millatga “juda quvonchli xushxabar”ni yetkazadi. Erdo‘g‘anning ta'kidlashicha, ushbu yangilik Turkiyada “yangi davrni ochadi”.
Haber7 nashrining yozishicha, Erdo‘g‘an bu haqda 19 avgustda Anqarada quyosh panellari ishlab chiqarish bo‘yicha zavod ochilishi vaqtida ma'lum qilgan. Uning bu bayonoti Turkiyada shov-shuv ko‘targan.
Barchani juma kuni qanday xushxabar ma'lum qilinishi mumkinligi o‘ylantirib qo‘ygan. Ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilari bu borada o‘z taxminlarini bildirishga tushib ketishgan, ba'zi ommaviy axborot vositalari esa bu xushxabar Turkiya Qora yoki O‘rta yer dengizida neft va gaz topgan bo‘lishi mumkinligi bilan bog‘liqligini ta'kidlamoqda. Yana boshqa bir taxminlarga ko‘ra, Erdo‘g‘anning yangiligi koronavirusga qarshi vaksina ishlab chiqilishi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.
Prezidentning ushbu “sirli” bayonoti birjada neft-kimyo kompaniyalari aksiyalari narxining qisqa vaqt ichida keskin ko‘tarilib ketishiga olib kelgan.
Turkiyaning Energetik iqtisodiyot assotsiatsiyasi rahbari Gyurkan Kumbaro‘g‘luning ta'kidlashicha, O‘rta yer dengizi ham, Qora dengiz ham neft va gazga boy. “Fikrimcha, yangi kon yo Qora dengizning g‘arbida, yoki O‘rta yer dengizining sharqida ochilgan”, deb aytgan Kumbaro‘g‘lu.
Uning ta'kidlashicha, odatda turli davlatlar yangi konlarni izlashda xorijiy energetik kompaniyalarni taklif qiladi, qazib olinuvchi gaz va neftning qancha qismiga egalik qilish bo‘yicha kelishuvlar tuzadi. Biroq Turkiya O‘rta yer va Qora dengizlarida energiya resurslarini qidirish ishlarini o‘z kemalarini qo‘llagan holda milliy kompaniya orqali boshlagan. Kumbaro‘g‘luning aytishicha, aynan shu muvaffaqiyat garovi hisoblanadi.
Mutaxassis ehtimoliy konning zaxiralari bo‘yicha o‘z prognozini berib, ushbu konda va unga yondosh hududlarda kamida trillion kubmetr gaz bor bo‘lishi mumkinligini taxmin qilgan. Yiliga 50 mlrd kubmetr gaz iste'mol qiluvchi Turkiya uchun bu uzoq yillarga yetuvchi “xazina” hisoblanadi.
“Agar Turkiya shunday energiya manbayini topgan bo‘lsa, unda juda ulkan imkoniyatni qo‘lga kiritgan bo‘ladi. Yevropaga gaz eksport qilish ham mumkin bo‘ladi. Turkiya buning evaziga energiya resurslari eksportchisiga aylanishi mumkin”, deb qo‘shimcha qilgan mutaxassis.
Mavzuga oid
16:36 / 29.05.2026
Rossiyadan O‘zbekistonga suyultirilgan gaz yetkazib berish 3,5 barobarga oshdi
09:30 / 27.05.2026
“Kommersant”: Rossiya Armanistonga gaz yetkazib berishni to‘xtatishi mumkin
20:10 / 15.05.2026
Ehtiyojmand oilalarga beriladigan kompensatsiya miqdorlari oshiriladi
11:37 / 13.05.2026