Jamiyat | 23:31 / 21.08.2020
9230
3 daqiqa o‘qiladi

Ohangaronda boshlang‘ich ta'lim o‘qituvchisi soxta diplom bilan ishga kirgani fosh etildi

Ohangaron tuman prokuraturasi tomonidan olib borilgan tergov harakatlari jarayonida aniqlanishicha, Ohangaron pedagogika va ijtimoiy iqtisodiyot kolleji direktori bo‘lib ishlagan B.D. tanishi M.N.ga kollejning kollejning ixtisoslashtirilgan (maxsus) va boshlang‘ich ta'lim muassasalari tarbiyachisi yo‘nalishini tamomlagani to‘g‘risida soxta diplom tayyorlab bergan.

Ma'lum bo‘lishicha, aslida bu diplom kollej bitiruvchisi talaba A.S.ga berilishi kerak bo‘lgan. Biroq B.D. bitiruvchilarning diplomlarni hisobga olish va o‘quvchilarga topshirishni qayd qilish kitobiga A.S mazkur diplomni olganligi to‘g‘risida imzo qo‘yib, diplomga fuqaro N.M. ning ma'lumotlarini kiritish orqali hujjatni qalbakilashtirgan.

«Fuqaro N.M. 2018 yil sentabr oyida jinoiy harakatlarini davom ettirib, diplomi qalbaki ekanligini bila turib, Ohangaron shahridagi 4-sonli maktabga boshlang‘ich ta'lim o‘qituvchisi vazifasiga ishga kirgan.

Mazkur jinoyat ishi jinoyat ishlari bo‘yicha Ohangaron tuman sudining ochiq majlisida ko‘rib chiqildi. Sud hukmiga ko‘ra, B.D. Jinoyat kodeksining 209-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir qilganlikda aybdor, deb topilib, 1 yil muddatga mansabdorlik va moddiy javobgarlik lavozimlarida ishlash huququqidan mahrum etilgan holda, unga 1 yil 2 oy muddatga ozodlikni cheklash jazosi qo‘llanildi.

N.M. O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 228-moddasi 2-qismi “b” bandi va 228-moddasi 3-qismida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir qilganlikda aybdor deb topilib, ayolligi, uch nafar farzandlarini yolg‘iz o‘zi tarbiya qilayotganligi, jinoyatning ijtimoiy xavflilik darajasini, aybini og‘irlashtiruvchi holatlar mavjud emasligi inobatga olinib, Jinoyat kodeksining 70 moddasiga asosan jazodan ozod etildi», deya Ohangaron tuman prokuraturasi tergovchisi Farrux Kamolovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Mavzuga oid