Iqtisodiyot | 08:28 / 21.08.2020
9167
4 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston OTBdan yana 200 mln dollar olishni rejalashtiryapti

Elektr energetika sohasida islohotlarni amalga oshirish, jumladan elektr energiyasini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimini jadal joriy etishni ta'minlash rejalashtirilmoqda.

Foto: Bloomberg

Vazirlar Mahkamasining “Elektr energetika sohasidagi islohotlarni amalga oshirishda O‘zbekiston Respublikasi budjetini qo‘llab-quvvatlash uchun Osiyo taraqqiyot bankining 200 million AQSh dollari miqdoridagi kreditini jalb qilish to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e'lon qilindi.

Quyidagilar:

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Elektr energiyasini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimini jadal joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2020 yil 27 apreldagi 260-son qaroriga muvofiq elektr energetika sohasidagi islohotlarni amalga oshirishda O‘zbekiston Respublikasi budjetini qo‘llab-quvvatlash uchun Osiyo taraqqiyot bankining (OTB) 200 mln AQSh dollari miqdorida (Policy Based Loan) kreditini jalb etish belgilangan;

2020 yil 28 iyulda O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Energetika vazirligi va Osiyo taraqqiyot banki o‘rtasida “Energiya iqlimi” davlat maqsadli kreditini 200 million AQSh dollari miqdorida O‘zbekiston Respublikasiga jalb qilish bo‘yicha anglashuv memorandumi imzolangan;

2020 yil 14 avgustda O‘zbekiston Respublikasi va OTB o‘rtasida kredit shartnomasi muzokaralari o‘tkazilganligi, shuningdek, 2020 yil 28 sentyabrda OTB Direktorlar kengashi tomonidan elektr energetika sohasidagi islohotlarni amalga oshirishda O‘zbekiston Respublikasi budjetini qo‘llab-quvvatlash uchun 3 yillik imtiyozli davrni o‘z ichiga olgan holda 15 yil muddatda qaytarish sharti bilan 200 million AQSh dollari miqdorida kredit (Policy Based Loan) ajratilishi ko‘rib chiqilishi ma'lumot uchun qabul qilinadi.

Belgilab qo‘yilishicha:

OTB krediti O‘zbekiston Respublikasining respublika budjeti xarajatlarini hamda qisman “Elektr energiyasini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish” loyihasini moliyalashtirish uchun ajratiladi;

O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi loyihaning amalga oshirilishini muvofiqlashtirish va monitoring qilish, OTB tomonidan ajratilgan kreditdan maqsadli hamda samarali foydalanilishi yuzasidan ijro etuvchi organ hisoblanadi;

OTB asosiy kreditini so‘ndirish, shuningdek ular bo‘yicha foizlar, majburiyat uchun to‘lovlarni to‘lash bilan bog‘liq xarajatlar O‘zbekiston Respublikasining respublika budjeti mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.

O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi elektr energetikasi sohasidagi islohotlarni amalga oshirishda budjetni qo‘llab-quvvatlash (Polcy Based Loan) uchun OTB tomonidan ajratilgan kredit hisobidan “Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyatiga loyihani moliyalashtirishga 82 million AQSh dollari miqdoridagi mablag‘larni, o‘n besh yil muddatga uch yillik imtiyozli davri bilan olti oylik LIBOR+1,25 foiz (bunda 0,75 foiz Moliya vazirligi ustamasi) to‘lash sharti bilan kredit ajratadi.

“Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati loyihaning amalga oshirilishini muvofiqlashtirish va monitoring qilish, Moliya vazirligi tomonidan ajratilgan kreditdan maqsadli hamda samarali foydalanilishi yuzasidan mas'ul organ etib belgilanadi.

O‘zbekiston Respublikasi moliya vaziriga elektr energetika sohasidagi islohotlarni amalga oshirishda O‘zbekiston Respublikasi budjetini qo‘llab-quvvatlash uchun OTBning 200 million AQSh dollari miqdoridagi (Policy Based Loan) kreditini jalb etish uchun O‘zbekiston Respublikasi va OTB o‘rtasida qarz bitimini O‘zbekiston Respublikasi nomidan imzolash vakolati beriladi.

Mavzuga oid