O‘zbekiston | 20:47 / 02.05.2026
2652
2 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev Osiyo taraqqiyot banki Boshqaruvchilar kengashining yillik yig‘ilishida ishtirok etadi

O‘zbekiston rahbari tadbirning ochilish marosimida nutq so‘zlaydi hamda xorijiy delegatsiyalar rahbarlari bilan uchrashuvlar o‘tkazadi.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 3-4 may kunlari Samarqandda bo‘lib o‘tadigan Osiyo taraqqiyot banki Boshqaruvchilar kengashining 59-yillik yig‘ilishi tadbirlarida ishtirok etadi.

Davlat rahbari tadbirning ochilish marosimida nutq so‘zlaydi hamda xorijiy delegatsiyalar rahbarlari bilan uchrashuvlar o‘tkazadi.

Yig‘ilishning bosh mavzusi – “Taraqqiyot chorrahalari: mintaqaning o‘zaro bog‘liq kelajagini ilgari surish”. Forum global va mintaqaviy iqtisodiyotni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini muhokama qilish uchun muhim xalqaro platforma bo‘ladi.
 

Foto: Prezident matbuot xizmati

Ishtirokchilar asosiy e’tiborini “yashil” transformatsiya, energetik o‘tish, raqamlashtirish, investitsiyalarni jalb qilish, oziq-ovqat xavfsizligi, sanoatda yetkazib berish zanjirlarining barqarorligi va boshqa masalalarga qaratadilar.

Besh kunlik sammitda 100 dan ortiq mamlakat delegatsiyalari, Osiyo taraqqiyot banki, Jahon banki, Xalqaro valuta jamg‘armasi, Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki va boshqa institutlar rahbarlari va xodimlari hamda xorijiy hukumatlarning 2 ming nafarga yaqin vakillari, yetakchi kompaniyalar va banklar, transmilliy korporatsiyalar top-menejerlari hamda nufuzli ekspertlar ishtirok etadi. Jami 4 mingdan ziyod delegat qatnashishi kutilmoqda.

O‘zbekiston 1995 yildan buyon Osiyo taraqqiyot bankining a’zosi bo‘lib, uning eng yirik hamkorlaridan biri hisoblanadi: loyihalar portfelining umumiy hajmi qariyb 16 milliard dollarni tashkil etmoqda. O‘zbekiston bankning yillik yig‘ilishiga ikkinchi bor mezbonlik qilmoqda.

Дилшодбек Асқаров
Tayyorlagan Дилшодбек Асқаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid