Toshkent shahri tarkibida yangi tumanni tashkil etish to‘g‘risida prezident qarori loyihasi e'lon qilindi
Toshkent shahrida barpo etilgan yangi mavzelarda aholi xavfsizligi va farovonligini ta'minlash, boshqaruvni samarali tashkil etish, investitsiyaviy jozibadorlikni oshirish, obodonlashtirish ishlarini tashkil etish rejalashtirilgan.
Prezidentning “Toshkent shahri tarkibida Yangihayot tumanini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e'lon qilindi.
Quyidagilar:
- Toshkent shahar Yangihayot tumani hokimligi boshqaruv apparatining namunaviy tuzilmasi;
- Davlat boshqaruvi organlari va xo‘jalik birlashmalarining Toshkent shahar Yangihayot tumanidagi bo‘linmalari hamda ularga qo‘shimcha kiritilayotgan boshqaruv xodimlarining cheklangan soni;
- Toshkent shahri tarkibida Yangihayot tumanini tashkil etish bilan bog‘liq tashkiliy masalalarni hal etish bo‘yicha respublika komissiyasi tarkibi;
- Toshkent shahar Yangihayot tumani hokimligi va tuman obodonlashtirish boshqarmasiga xarid qilinadigan maxsus-texnika vositalari ro‘yxati;
- Toshkent shahar Yangihayot tumani hokimligi hamda davlat boshqaruvi organlari va xo‘jalik birlashmalarining tumandagi bo‘limlariga ma'muriy binolar qurish va jihozlash rejasi tasdiqlanadi.
Belgilab qo‘yilishicha, Yangihayot tumanida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 17 avgustdagi “Toshkent shahrida boshqaruvning alohida tartibini joriy etish bo‘yicha huquqiy eksperiment to‘g‘risida”gi PF-5515-son Farmonida belgilangan tartib amal qiladi.
Respublika komissiyasi (A.N. Aripov) bir oy muddatda:
- Toshkent shahri Yangihayot tumanini tashkil etish bilan bog‘liq zarur tadbirlar rejasini ishlab chiqilishi va ularning belgilangan muddatlarda amalga oshirilishini;
- vazirlik va idoralarning Yangihayot tumanini tashkil etish, iqtisodiy va ijtimoiy rivojlantirish bilan bog‘liq tashkiliy masalalarni hal qilishga amaliy ko‘maklashishni;
- O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Moliya vazirligi va Toshkent shahar hokimligi bilan birgalikda Yangihayot tumani mahalliy budjeti va uni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning prognoz parametrlarini tasdiqlashni;
- Toshkent shahar hokimligi, O‘zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi va Moliya vazirligi bilan birgalikda Yangihayot tumani hokimligini zarur bino va inshootlar hamda moddiy-texnika vositalari bilan jihozlashni;
- Toshkent shahar hokimligi bilan birgalikda Yangihayot tumanini tashkil etish davrida iqtisodiyot tarmoqlarining aniq, barqaror va bir maromda ishlashini, shuningdek, yuzaga keladigan ijtimoiy masalalarning o‘z vaqtida hal etilishini ta'minlaydi.
Vazirlar Mahkamasi (Ramatov) ikki oy muddatda quyidagilarni nazarda tutuvchi “Toshkent shahri Yangihayot tumanining 2020-2025 yillarda kompleks rivojlantirish strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risida” Prezident qarori loyihasini ishlab chiqib, tasdiqlash uchun kiritadi:
- rivojlangan xorijiy davlatlarning ilg‘or shaharsozlik tajribalarini o‘rganish va chuqur tahlil qilinishi;
- tumandagi urbanizatsiya va ichki immigratsiya jarayonlarini prognozlashtirish;
- ijtimoiy infratuzilmalar (maktabgacha ta'lim, maktab, oliy ta'lim, tibbiyot, madaniyat, sport muassasalari va boshqalar)ni tashkil etish va oqilona joylashtirish;
- avtomobil va piyodalar uchun yo‘llar, kommunal xo‘jaligi, kommunikatsiya tizimlari va tarmoqlarini eng zamonaviy talablardan kelib chiqqan holda loyihalashtirish;
- tumandagi bandlik va ijtimoiy himoya tizimini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha shaffoflikni ta'minlash;
- tuman hokimligi boshqaruv xodimlarining mehnat samaradorligini oshirish va moddiy rag‘batlantirish tizimi (KPI)ni yo‘lga qo‘yish;
- tuman hokimligida MC ISO 9001:2015 xalqaro standarti tatbiq etilishini tashkil etish;
- yangi ishlab chiqarish quvvatlarini ishga tushirish;
- sayilgohlar va dam olish maskanlarini tashkil etish;
- tasdiqlangan loyihalarni o‘z vaqtida moliyalashtirishni ta'minlash masalalarining yechimi, jumladan, strategiyani 2020-2022 yillarda amalga oshirish uchun xorijiy moliya institutlarining mablag‘lari hisobidan 100 mln. AQSh dollari miqdorida kredit liniyalarini ochish.
Yangihayot tumanini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholi bandligini oshirish orqali kambag‘allikni qisqartirish, investorlarni keng jalb qilgan holda bo‘sh turgan obektlar hamda yer maydonlaridan samarali foydalanishni tashkil etish bo‘yicha Ishchi guruh tashkil etiladi.
Ishchi guruh (A.N. Aripov) zimmasiga:
Yangihayot tumanida aniq yo‘nalishli, moliyalashtirish manbaiga ega bo‘lgan, zarur loyiha oldi hujjatlari (biznes reja/texnik iqtisodiy asoslari) ishlab chiqilgan investitsiya loyihalarini ma'qullash;
tuman hududida joylashgan bo‘sh turgan obektlar hamda yer maydonlarini investorlarga investitsiya kiritish va ijtimoiy majburiyatlarni belgilagan holda ochiq elektron onlayn auksion savdolari orqali yoxud eng yaxshi takliflarni auksion o‘tkazish yo‘li bilan tanlab olish orqali realizatsiya qilish va ijaraga berish;
tuman hududidagi bo‘sh yer maydonlari va foydalanilmayotgan ishlab chiqarish maydonlari hamda obektlari negizida industrial va texnoparklarni tashkil etish, ularni boshqarish va moliyalashtirish yuzasidan tezkor qarorlar qabul qilish yuklatiladi.
Toshkent shahri Yangihayot tumanida investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun shakllantirilgan takliflarni ko‘rib chiqish, tanlab olish va natijalarni rasmiylashtirish sxemasi tasdiqlanadi.
Shunday tartib o‘rnatiladiki, unga ko‘ra:
- Yangihayot tumanida amalga oshirish taklif etilayotgan investitsiya loyihalarini ko‘rib chiqish uchun har chorakda “Investor kuni” tadbirlari o‘tkaziladi;
- Ishchi guruhi tomonidan taklif etilayotgan loyihalar yuzasidan eng yaxshi takliflarni auksion yo‘li bilan tanlab olish, tadbirkorlik sub'yektlari bilan investitsiya shartnomalarini tuzish, ularga yer uchastkalari ajratish va investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun bo‘sh turgan obektlarini berish bo‘yicha investitsiya takliflari ko‘rib chiqiladi;
- Ishchi guruhi tomonidan ma'qullangan investitsiya loyihalariga Yangihayot tumanidan yer uchastkalarini ajratish, yer uchastkasini bir yilgacha muddatga dastlabki zaxiralash sharti bilan amalga oshiriladi.
Toshkent shahar hokimligi Yangihayot tumanini tashkil etish ishlarini moliyalashtirish uchun 2020-2023 yillarda Toshkent shahar hokimligi mahalliy budjetining qo‘shimcha daromadlarining 5 foizi va Toshkent shahri tumanlari qo‘shimcha daromadlarining 5 foizi miqdoridagi ajratmalar o‘tkazilishini ta'minlaydi.
O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi:
- qarorda belgilangan vazifalarni bajarish uchun Moliya vazirligi huzuridagi Inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasidan 100 mlrd. so‘m mablag‘ni Toshkent shahar mahalliy budjeti daromadlari qismidan qaytarish sharti bilan 5 yil muddatga foizsiz ssuda sifatida ajratadi;
- qonun hujjatlariga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilgunga qadar Yangihayot tumani hokimligi hamda tashkil etilayotgan davlat boshqaruvi organlari va xo‘jalik birlashmalarining tuman bo‘limlarini saqlash xarajatlarini moliyalashtirish choralarini ko‘radi.
2021 yildan boshlab Yangihayot tumani xarajatlari O‘zbekiston Respublikasi davlat budjeti parametrlarida nazarda tutiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi Yangihayot tumaniga o‘tkazilgan hududda faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik sub'yektlarining pochta manzilini ulardan ariza yoki ma'lumot talab etmagan holda, to‘g‘ridan-to‘g‘ri elektron tizim orqali bepul o‘zgartirishni nazarda tutadi.
O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasi statistika ko‘rsatkichlarini shakllantirish hamda yuritishda Yangihayot tumanining ma'muriy hududlarini inobatga oladi.
Mavzuga oid
18:47 / 09.10.2024
Toshkentda temiryo‘l xodimi poyezd ostida qolib halok bo‘ldi
15:54 / 25.09.2024
Toshkentda ikki avtobus o‘zaro to‘qnashdi
15:42 / 11.07.2024
Toshkentda aholi yashash hududiga yaqin maydon yonib ketdi
19:35 / 09.02.2024