Jahon | 08:14 / 24.08.2020
3548
2 daqiqa o‘qiladi

Gruziyada mikroavtobusning jarlikka qulashi oqibatida 17 kishi halok bo‘ldi 

Gruziya shimolida yo‘lovchi mikroavtobusining jarlikka qulashi oqibatida 17 kishi halok bo‘ldi. 

Avtohalokat 23 avgust kechki payt yuz bergan. Avtobus tog‘larda joylashgan Shatili qishlog‘i yaqinida 80 metrlik balandlikdan jarlikka qulagan. Dastlabki ma'lumotlarga ko‘ra, mikroavtobus ichida tbilisilik sayyohlar bo‘lgan. 

Qutqaruvchilar 3 kishini tirik topishgan. Ular jiddiy jarohatlar bilan shifoxonaga yetkazilgan.

Guvohlarning ta'kidlashicha, avtobusda 20 kishi – 17 ayol va 3 erkak bo‘lgan. Mercedes-Benz Sprinter mikroavtobusi juda tez harakatlangan va yo‘l chetida turgan bo‘sh avtomobil bilan to‘qnashib, so‘ngra jarlikka qulagan.

Voqea joyida qidiruv-qutqaruv ishlari olib borilgan. Voqea joyiga Gruziya ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Iosif Chelidze va Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi xizmatlari rahbari Temur Mgebrishvili kelgan. Gruziyaning birinchi shaxslari qurbonlarning yaqinlariga hamdardlik bildirishgan.

Shatili qishlog‘i Xevsureti oblastida joylashgan bo‘lib, o‘zining qadimiy tosh minoralari bilan nom chiqargan. Yozda bu yerga minglab sayyohlar tashrif buyuradi. Ta'kidlanishicha, Shatiliga olib boruvchi yo‘l Gruziyadagi eng xavflilaridan biri hisoblanadi.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid