Sport | 16:43 / 24.08.2020
3439
2 daqiqa o‘qiladi

Sport vazirligi: ZOOM orqali o‘tkaziladigan og‘ir atletika bo‘yicha xalqaro turnir boshlanishiga sanoqli kunlar qoldi

O‘zbekiston mustaqilligining 29 yilligi arafasida – 28-30 avgust kunlari og‘ir atletika bo‘yicha «O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligi kubogi» onlayn xalqaro turniri bo‘lib o‘tadi.

 

ZOOM platformasi orqali tashkil etiladigan musobaqada dunyoning 32 davlatidan 150 nafarga yaqin eng sara polvonlar g‘oliblik uchun bahs olib borish istagini bildirgan.

Ular orasida Olimpiada va jahon chempionlari Zulfiya Chinshanlo (Qozog‘iston), Luis Moskera (Kolumbiya), Li Venven (Xitoy) kabi mashhur sportchilarning borligi ushbu musobaqaga bo‘lgan qiziqish yuqoriligini ko‘rsatib turibdi. O‘z navbatida, Adhamjon Ergashev, Akbar Jo‘rayev, Muattar Nabiyeva kabi nomdor atletlarimiz ham onlayn xalqaro turnirda o‘z vazn toifalarida g‘oliblik uchun kurash olib borishadi.

Ta'kidlash joiz, ZOOM platformasi orqali o‘tkaziladigan bellashuvlar «Sport» telekanali orqali jonli efirda namoyish etilishi rejalashtirilmoqda.

Umid qilamizki, eng ulug‘ va eng aziz bayramimiz arafasida bo‘layotgan musobaqada og‘ir atletikachilarimiz o‘z g‘alabalari bilan xalqimizni xushnud etadi.

Musobaqa tashkilotchilari  O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi, Toshkent shahar hokimligi, O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi, O‘zbekiston og‘ir atletika federatsiyasi.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi
Matbuot xizmati

Жамшид Рузибаев
Tayyorlagan Жамшид Рузибаев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid