Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Dunyodagi vaziyat: Britaniya vaksinasi sinovlari boshlanmoqda, Argentinada kunlik rekord yangilandi
Seulda maktablar va cherkovlar yopilyapti, Oksford vaksinasi 50 ming kishida sinab ko‘rilyapti, Bali yil oxirigacha turistlarni qabul qilmaydi, Britaniya kasalxonalarida Covid-19'dan davolangan har sakkizinchi bemor virusni o‘sha yerning o‘zida yuqtirgan, Argentinada kasallanish ko‘rsatkichi rekordi qayd etildi.
Seulda maktablar va cherkovlar yopilmoqda
Janubiy Koreyada koronavirusdan zararlanishlar soni o‘sishda davom etmoqda. Kuniga aniqlangan holatlar soni ketma-ket 12 kunki 100dan ortiqni tashkil etyapti. Seshanba kuni rasmiylar yangi 280 bemor haqida xabar qildi.
Yangi holatlar ortishi sababli hukumat Seul va uning atrofidagi hududlarda maktablar va bolalar bog‘chalarini yopishga qaror qildi. Ta'lim vazirligi bolalar 11 sentyabrgacha masofadan o‘qitilishini xabar qildi.
Dekabr oyida universitetga kirish imtihonlarida qatnashadigan bitiruvchi sinf vakillari bundan mustasno.
May oyida koronavirus tarqalishi nazoratga olinganida maktab o‘quvchilari maktabga qayta boshlagandi. Ammo so‘nggi ikki hafta ichida Seul va uning atrofidagi hududlarda 200ga yaqin o‘quvchi va o‘qituvchilar koronavirusni yuqtirib olgan.
Avvalroq Janubiy Koreyaning epidemiyaga qarshi kurashish bo‘yicha samarali choralari boshqa davlatlar uchun namuna vazifasini o‘tayotgandi, ammo so‘nggi paytlarda bu yerda, ayniqsa poytaxtda vaziyat keskin yomonlashdi.
Yangi kasallanish holatlarining aksariyati avgust oyi o‘rtalarida hukumatga qarshi uyushtirilgan norozilik namoyishida ishtirok etgan protestant cherkovi a'zolari bilan bog‘liq.
Seul ma'murlari pandemiya boshlangandan beri birinchi marta jamoat joylarida - binolar va ko‘chada birdek niqob taqish majburligini e'lon qildi. Cherkovlar, tungi klublar va karaoke bir muddatga yopiq.
Oksford vaksinasi 50 ming kishida sinaladi
Dunyo bo‘ylab 50 mingga yaqin odam Oksford universiteti tomonidan ishlab chiqilgan koronavirus vaksinasini uning xavfsizligi va samaradorligini aniqlash uchun sinovdan o‘tkazadi, deb ma'lum qilgan uning ishlab chiqaruvchilaridan biri Endryu Pollard.
Vaksina Oksford universiteti va AstraZeneca farmatsevtika kompaniyasi tomonidan birgalikda ishlab chiqilgan. Klinik sinovlar Buyuk Britaniyadagi 10 ming ko‘ngilli, Braziliya va Janubiy Afrikadagi yana 10 ming kishida o‘tkaziladi. Ishlab chiquvchilar, shuningdek, sinov uchun AQShda 30 ming ko‘ngilli topishga umid qilishmoqda.
Avvalroq AQSh prezidenti Donald Trampning vaksina noyabr oyida o‘tadigan prezidentlik saylovlaridan oldinroq xavfsiz deb tan olinishini istayotgani haqida xabar paydo bo‘lgandi.
AstraZeneca regulyatorlar bilan sertifikatlash jarayonini bunday tezlashtirish imkoniyati haqida muhokama qilmaganini aytdi.
Bali yil oxirigacha sayyohlarni qabul qilmaydi
Indoneziyaning Bali oroli yil oxirigacha chet ellik sayyohlarni qabul qilmaydi, deb xabar qiladi mahalliy hokimiyat.
Avvalroq mashhur orol sentabr oyida boshqa davlatlardan tashrif buyuruvchilarni qabul qila boshlashi haqida ma'lum qilingandi. Ammo rasmiylar mamlakatda yangi holatlar soni ko‘payishi sababli ushbu rejani bekor qilishdi.
Balida pandemiya boshlangandan beri Covid-19'ning 4576 holati aniqlandi, 52 kishi vafot etdi. Ushbu kasallik tufayli butun mamlakat bo‘ylab 155 mingdan ortiq bemor qayd etilib, 6759 kishi hayotdan ko‘z yumdi. Bu Janubi-Sharqiy Osiyo mamlakatlari orasida o‘lim darajasi bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatkichdir.
«Indoneziyadagi vaziyat chet ellik sayyohlarning mamlakatga, shu jumladan Bali shahriga kelishiga imkon bermaydi», dedi orol ma'muriyati rahbari Uayen Koster.
Kasalxonalardagi zararlanishlar
Kasalxonalarda Covid-19 bilan davolangan har sakkiz bemorning kamida bir nafari koronavirus bilan o‘sha yerning o‘zida kasallangan. Britaniyaning 10 va Italiyaning bir shifoxonasidagi ma'lumotlarni o‘rgangan tadqiqotchilar shunday xulosaga kelishdi.
London Qirollik kolleji olimlari bu aslida past ko‘rsatkich ekanligini va bu infeksiyani nazorat qilish samaradorligini namoyish etishini aytishdi.
Ular Britaniyada epidemiyaning avjiga chiqqan - 28 aprelgacha bo‘lgan davridagi 1500ta holatni tahlil qilishdi.
«Ushbu bemorlarning aksariyati uzoq vaqt davomida kasalxonada bo‘lib kelishgan. Ular keksa odamlar, sog‘lig‘i zaiflar va biron bir kasallikka chalinganlardir», deydi tadqiqotchilar.
Kasalxonada koronavirus bilan kasallangan bemorlarning tiklanish darajasi Covid-19 aniqlangandan so‘ng shifoxonaga yotqizilganlarga qaraganda yuqori bo‘ldi. Bu, ehtimol, ularga tezroq tashxis qo‘yilgani va davolash tezroq boshlangani bilan bog‘liq.
Argentinada kasallikka chalinganlar soni rekord darajaga yetdi
Argentinada yangi koronavirusni yuqtirishning eng yuqori ko‘rsatkichi qayd etildi - bir kunda 8713ta yangi holat. 381 kishi vafot etdi.
Buenos-Ayres va uning atrofida qattiq karantin choralari ko‘rilayotgan bo‘lsa-da, boshqa mintaqalarda yuqtirish holatlari ko‘paymoqda.
Jons Hopkins universiteti ma'lumotlariga ko‘ra, bemorlarning aksariyati Buenos-Ayres (5656) provinsiyasida joylashgan. Umuman olganda, pandemiya boshlanganidan beri Argentinada 350 mingdan ortiq odam kasallangan va 7366 o‘lim qayd etilgan.
Argentina Peru, Marokash va BAA bilan bir qatorda, Xitoyning China National Biotec Group kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan koronavirus vaksinasining klinik sinovida qatnashishga qaror qildi.
Boshqa mamlakatlarda:
- Germaniya Parij va uning atroflarini, shuningdek, Lazur qirg‘og‘ini epidemiologik jihatdan xavfli hududlar ro‘yxatiga kiritdi va fuqarolarga iloji bo‘lsa, u yerlarga sayohat qilishni ortga surishni tavsiya qildi.
- Ispaniya sog‘liqni saqlash vaziri, agar vaziyat yomonlashsa, Madridda koronavirus tarqalishiga qarshi jiddiy choralar ko‘rilishi mumkinligi haqida ogohlantirdi va shahar aholisining o‘z-o‘zini yakkalash tartibiga qaytishi mumkinligini istisno etmadi. Yangi holatlarning aksariyati poytaxtga to‘g‘ri keladi.
- Shotlandiyada dushanba kunidan boshlab 12 yoshdan katta o‘quvchilar va o‘qituvchilarining koridorlarda, umumiy foydalanish joylari va maktab avtobuslarida niqobda bo‘lishi talab etiladi. Sinf xonalarida niqob kiyish majburiy emas. Angliyada muqobil qoidani joriy etish hozircha faqat muhokama qilinmoqda.
Mavzuga oid
18:32 / 08.06.2026
Sun’iy intellekt yaratgan vaksina odamlarda muvaffaqiyatli sinab ko‘rildi
18:24 / 22.05.2026
Ebola yangi shtammiga qarshi vaksina faqat olti-o‘n oydan keyin tayyor bo‘ladi – JSST
13:28 / 10.02.2026
SSV «koronavirusga qarshi vaksina olganlar hayoti xavf ostidaligi» haqidagi xabarga munosabat bildirdi
23:53 / 31.01.2026