«Hokimning qarori bilan yerdan foydalanish huquqi paydo bo‘lmaydi». Huquqshunos bilan suhbat
O‘zbekistonda fermer xo‘jaliklari yerga egalik qilishiga oid ko‘plab nizolar kuzatilmoqda. Kun.uz’ning «Erkin suhbat» ko‘rsatuvi mehmon Chorixon Qodirov ushbu masala yuzasidan batafsil ma'lumot berib, nizolarni keltirib chiqaruvchi omillar va amaliyotda uchrayotgan holatlarni tanishtirdi.
O‘zbekiston fermer, dehqon va tomorqa yer egalari kengashining huquqshunosi Chorixon Qodirov fermerlarning huquqiy savodxonligi past ekanligi ayrim tuman hokimlari, yer resurslari va kadastr tuman bo‘limlari mutasaddilariga qo‘l kelayotganini ma'lum qildi. Kun.uz bilan suhbatda Qodirov yer ajratish va uni olib qo‘yish masalasi amaliyotda qanday uchrashini ma'lum qildi.
— Fermerlarga yer ajratish qonunga muvofiq qanday tartibga solinadi?
— Dastlab, tender tanlovi o‘tkaziladi. Tanlov asosida g‘olib, deb topilgan talabgorga tuman hokimi qarori bilan yer beriladi. Shundan so‘ng, uch kun ichida hukumatning tegishli qaroriga muvofiq, tuman hokimining yer ajratish to‘g‘risidagi qarori Yer berish va uni realizatsiya qilish viloyat komissiyasiga yuboriladi. Ushbu komissiyaning raisi viloyat hokimi, kotibi esa Yer resurslari va kadastr boshqarmasi boshlig‘i hisoblanadi. Ushbu qarori qaytib kelgandan besh kun mobaynida yer ijara shartnomasi tuman yer resurslari va kadastr bo‘limi tomonidan rasmiylashtirilishi kerak. Shartnoma tuman hokimi va fermer o‘rtasida imzolanadi. Shundan so‘ng, fermerda yerga nisbatan egalik huquqi paydo bo‘ladi.
— Siz ta'kidlaganingizdek, u tenderda qatnashib, tuman hokimining qarori chiqarilgandan so‘ng, bu ishlar bajariladi. Ushbu tartib amalda samarali ishlayaptimi?
— Buni men hujjatlarda ko‘rsatilgan qonuniy amaliyotini bildirdim. Amalda qanday bo‘lyapti? Respublika bo‘yicha salkam 50 foiz fermer xo‘jaliklari rahbarlarining qo‘lida yer ijara shartnomasi mavjud emas. Men yuqorida aytib o‘tgan talablarga rioya etilmagan. «Fermer xo‘jaligi to‘g‘risida»gi qonunning 11 moddasida fermer xo‘jaliklari yuritish uchun yer uchastkalari berish tartibi belgilab qo‘yilgan. Unga muvofiq, yer uchastkasini ijaraga berish bo‘yicha hujjatlarni rasmiylashtirish yer tuzish xizmati organlari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti, shuningdek qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa moliyalashtirish manbalari hisobidan amalga oshirilishi kerak. Nega amalda salkam 50 foiz fermerning yer ijara shartnomasi yo‘q? Negaki, yer resurslar va kadastr bo‘limi xodimlari zimmasiga yuklatilgan vazifalarni to‘laqonli bajarmagani oqibatida bu holat kelib chiqqan.
Tasavvur qiling, fermer xo‘jaligining yeri bilan bog‘liq masalani hal etishida tuman hokimi istalgan paytda noqonuniy qarorini chiqarib, turli xil vajlar bilan yerni olib qo‘yishga erishyapti. Fermer huquqlarini himoya qilish uchun ma'muriy sudlarga murojaat etganda, sudlar tomonidan uning yerga egalik qilish huquqi mavjud bo‘lmagani uchun da'vosini rad etishi avjiga chiqib ketgan. Bu esa qonunbuzar hokimlar, qonunbuzar kadastr bo‘limlari xodimlariga qo‘l keladi. Yer kodeksining qator moddalariga rioya etilmagan holda yerlar zaxiraga olingan taqdirda ham, sudlar yerga egalik huquqi mavjud bo‘lmagan fermerning da'vosini rad etadi.
— Fermerning yer ijara shartnomasi bo‘lmasligi tabiiymi? Tuman hokimlari bunga qanday munosabatda bo‘lyapti?
— Tuman hokimlari belgilangan qonun tartiblariga rioya etishi kerak. Ularning eng katta xatosi — yer berishdagi qarori viloyat komissiyasiga yuborilmaydi. Mana shu bosqichda tartib buziladi. Bundan keyin, kadastr bo‘limi ham uni rasmiylashtirmaydi, yer ijara shartnomasini o‘rnatilgan tartibda qayd etmaydi. Fermer buni bilmaydi, chunki huquqiy savodi yuqori emas. Buni tuman hokimligi yer berish va uni realizatsiya qilish komissiyasi kotibi — tuman yer resurslari va kadastr bo‘limi boshlig‘i yaxshi biladi. Faqat tuman hokimining qarori bilan yerdan foydalanish huquqi paydo bo‘lmaydi. Lekin fermer dalaga chiqib, ishlaydi. Tuman IIBdan ruxsat oladi, soliqdan ro‘yxatdan o‘tib, to‘lovlarni qilaveradi, banklardan kreditlar olaveradi. Tuman hokimligi bilan shartnoma tuzib, rejani bajaradi. Ammo baribir yerga nisbatan egalik huquqini beruvchi ijara shartnomasi mavjud bo‘lmaydi. Birinchi bosqichda fermerning huquqlarini hokim poymol qildimi, o‘sha hokimning qarorini sud ham qo‘llab-quvvatlaydi.
Suhbat davomida fermerlarning haq-huquqlari, yer ajratish tizimini isloh etish uchun takliflar va qishloq xo‘jaligi sohasida kutilayotgan boshqa muammolar haqida gap ketdi. Intervyuni Youtube orqali to‘liq tomosha qilishingiz mumkin.
Alisher Ro‘zioxunov suhbatlashdi
Tasvirchi va montaj ustasi Otaxon Yusupov
Mavzuga oid
21:20 / 19.11.2024
Qishloq xo‘jaligi kooperativlari haqidagi uzoq kutilgan qonun imzolandi. Sohada nima o‘zgaradi?
16:04 / 01.11.2024
Boyovut hokimi Dilfuza Uralova fermerni haqoratlab, IIBga uni qamab qo‘yishni buyurdi
10:38 / 13.10.2024
Farg‘onada kredit ajratish evaziga fermerdan pul olgan bank filiali menejeri aniqlandi
13:41 / 02.10.2024