Jahon | 08:41 / 25.08.2020
20482
4 daqiqa o‘qiladi

Hongkongda koronavirusdan takroran zararlanish bo‘yicha ilk holat qayd etildi

24 avgust kuni Hongkong universiteti olimlari koronavirusdan takroran zararlanish bilan bog‘liq ilk holat qayd etilgani haqida xabar berishdi. Ma'lum qilinishicha, 4,5 oy muqaddam kasallikka chalinib sog‘aygan erkakka qayta zararlanish tashxisi qo‘yilgan. Ikkinchi holatda unda kasallikning hech qanday alomati bo‘lmagan.

Foto: Getty Images

Virus ustidagi tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, uning RNKsi ilk kasallanish holatlarini keltirib chiqargan SARS-Cov-2 shtammining genetik kodidan sezilarli darajada farq qiladi.

Olimlarga Covid-19’dan tuzalib chiqqanlar virusga qarshi immunitet hosil qilishi ma'lum, ammo shu vaqtgacha bu himoya qanchalik ishonchli ekani va qancha vaqt tanada saqlanib qolishi aniq emas. Hongkonglik bemor bilan bog‘liq holat shuni ko‘rsatmoqdaki, dunyo bo‘ylab 800 mingdan oshiq inson hayotiga zomin bo‘lgan virusga qarshi immunitetning umri qisqa bo‘lishi mumkin.

26 mart kuni Hongkongda yashovchi 33 yoshli erkakda koronavirus infeksiyasining alomatlari aniqlangan va u og‘ir ahvolda shifoxonaga yetkazilgan. Davolash kursidan keyin aprel oyida u 2 marta tekshirilgan, tahlillar unda virus yo‘qligini ko‘rsatgan va shifokorlar uni to‘liq sog‘aygan deb hisoblab javob berishgan. 

Uning koronavirus qayta chalingani tasodifan aniqlangan. U 15 avgustda Hongkongga Ispaniyadan Britaniya orqali qaytgach, aeroportda test topshirgan va unda koronavirus chiqqan. Biroq bu safar u infeksiyaning biror-bir alomatini his qilmagan va u tashqaridan mutlaq sog‘lom ko‘rinishda bo‘lgan.

Tibbiyot xodimlari dastlab erkak ikkinchi marta koronavirusga chalingani yoki uning organizmida virus saqlanib qolganini bila olishmagan. Biroq universitet olimlarining ta'kidlashicha, tahlillar erkak ikkinchi marta dastlabki kasallanishidagi virusdan farqlanuvchi uning yangi shtammi bilan kasallanganini ko‘rsatgan. 

«Ko‘pchilik koronavirusdan sog‘ayganlar unga qayta chalinishdan immunitetga ega, deb hisoblaydilar, chunki ularning aksariyatida koronavirusga qarshi antitanalar paydo bo‘ladi. Biroq ba'zi sog‘ayganlarda bir necha oydan keyin antitanalar miqdori kamayishining isbotlari bor», deb ta'kidlab o‘tishgan olimlar.

  • Agar odamlar yangi virusn bir martadan ortiq yuqtirishsa (xuddi gripp kabi), bu emlash jarayonini murakkablashtiradi - hatto kuchli vaksina tez muddatda ishlab chiqilsa ham.

Olimlardan biri Kay-Van Toning ta'kidlashicha, bu holat emlash befoyda bo‘lishini anglatmaydi. Uning aytishicha, emlashda hosil qilinadigan immunitet virusga tabiiy yo‘l bilan yo‘liqqandan keyin hosil bo‘ladigan antitanalardan farq qilishi mumkin. Olimlarning ta'kidlashicha, natijalar aholida koronavirusga qarshi ommaviy immunitet hosil bo‘lishiga qaramay, virus tarqalishda davom etishini ko‘rsatmoqda.

Shu bilan birga, JSST epidemiologi Mariya Van Kerxovning ta'kidlashicha, faqat bir kishida takroriy kasallanish qayd etilganiga asoslanib, bu borada qandaydir xulosa qilishga erta ekanini aytishmoqda.

Avvalroq Xitoy rasmiylari ham takroriy zararlanish holatlari haqida xabar berishgandi. Ularning ma'lumotlariga ko‘ra, gap sog‘ayib chiqqanlarning 5-15 foizi haqida ketadi. Biroq bu holatlarda bemorlar hongkonglik erkak kabi to‘liq sog‘aygandan keyin virusga qayta chalinganlari yoki virus dastlabki zararlanishdan keyin ularning organizmida saqlanib qolgani, ya'ni ular to‘liq sog‘ayib chiqqani aniq bo‘lmagan. 

Xitoylik mutaxassis Van Guytsyanning ta'kidlashicha, virus bemorlar o‘pkasida qolishi, biroq yuqori nafas yo‘llaridan olingan namunalarda aniqlanmasligi mumkin. U buning boshqa sabablari sifatida tahlillar sifatining pastligi va kuchsiz immunitetni aytib o‘tgan.

Hongkonglik bemorning tekshiruv natijalari hozircha ilmiy adabiyotlarda e'lon qilinmadi, shu tufayli bu holatning ko‘p jihatlari hali aniq emas

Mavzuga oid