23:29 / 25.08.2020
22818

Qo‘qonda xalqaro armiya o‘yinlarining “Yo‘l patruli” musobaqasi tantanali ravishda ochildi - fotogalereya

O‘zbekiston VI Xalqaro armiya o‘yinlariga mezbonlik qilmoqda. Farg‘ona viloyatining Qo‘qon shahrida Xalqaro armiya o‘yinlari doirasidagi “Yo‘l patruli” musobaqasining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Foto: KUN.UZ

O‘zbekiston ilk marotaba mezbonlik qilayotgan “Yo‘l patruli” musobaqasida Rossiya Federatsiyasi va Belarus Respublikasi Mudofaa vazirliklarining jamoalari ishtirok etmoqda, deb xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.

“Yo‘l patruli” musobaqasining hakamlar hay'ati tarkibiga bosh hakam sifatida polkovnik Zafar Bozorboyev tayinlangan. Shuningdek, hakamlar hay'ati tarkibiga O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi hamda ishtirokchi davlatlarning boy tajriba va malakaga ega ofitserlari tayinlangan.

Maydonga musobaqa hakamlar hay'ati va ishtirokchi jamoalar kirib keldi. Shundan so‘ng, O‘zbekiston Respublikasi davlat bayrog‘i hamda Xalqaro Armiya o‘yinlari bayrog‘i olib kirildi.

VI Xalqaro armiya o‘yinlari doirasidagi “Yo‘l patruli” musobaqasining tantanali ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi mudofaa vaziri general-mayor Bahodir Qurbonov, Farg‘ona viloyati hokimi Shuhrat G‘aniyev ishtirok etdi va musobaqa ishtirokchilarini samimiy qutladi.

Tadbirda shuningdek, harbiylarning oila a'zolari, Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi a'zolari, faxriylar va yoshlar ishtirok etdi.

O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi qo‘shinlaridagi mavjud maxsus texnikalarning ko‘rgazmali o‘tishi havola etildi.

Harbiy xizmatchilar mazkur texnikalarning yuqori imkoniyatlaridan foydalangan holda, ularni mohirona boshqarish imkoniyatlarini ko‘rsatib berdi.

Musobaqada O‘zbekiston mudofaasiga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkilotining Andijon, Farg‘ona, Namangan viloyatlari bo‘limlari o‘quvchilari boshqaruvidagi sport texnikalarining chiqishlar qildi.

Ochilish marosimi san'at ustalarining bayram konsert dasturi bilan davom etdi.

Top