Jahon | 21:46 / 26.08.2020
5418
2 daqiqa o‘qiladi

Italiyada koronavirusga qarshi yangi karantin kiritilishi istisno qilindi

Italiya hukumati koronavirus bilan kasallanayotganlar ko‘payayotganiga qaramay, yangi cheklovlar kiritmaydi. Bu haqda Italiya sog‘liqni saqlash vaziri Roberto Speransa Bloomberg axborot agentligiga ma'lum qildi.

Foto: Reuters

“Men ayni vaqtda davlatimiz yopilishi mumkinligini istisno qilaman. Bizda hozirda yangi kasallanish holatlari kam, vaziyat nazorat ostida va shifoxonalarga kam yuklama tushmoqda”, deb aytgan vazir.

Uning ta'kidlashicha, Italiyada pandemiya eng yuqori darajaga chiqqanda intensiv davolanish bo‘limlarida 4068 bemor bo‘lgan, 25 avgustga ko‘ra, hozirda ushbu bo‘limlarda bor-yo‘g‘i 66 bemor bor.

Speransaning aytishicha, Italiyaning sog‘liqni saqlash tizimi mustahkamlandi, tahlillar natijalari chiqishi vaqti minimumgacha qisqartirildi va Italiyaga xavf darajasi yuqori bo‘lgan davlatlardan kelayotgan odamlarni aeroportlarda testlash tizimi yo‘lga qo‘yilgan. Uning ta'kidlashicha, o‘tgan haftada koronavirusga topshirgan tahlili natijalari musbat chiqqan odamlarning o‘rtacha yoshi 30ni tashkil qilgan va ularning aksariyatida yengil simptomlar kuzatilmoqda yoki ular umuman yo‘q.   

Yevropada koronavirus tarqalishi markaziga aylangan Italiyada karantin choralari 3 oyga kiritilgan edi. Bu mamlakat iqtisodiyotiga jiddiy zarar yetkazgan. Hukumat 2020 yilda mamlakat yalpi ichki mahsuloti 8 foizga qisqarishini prognoz qilmoqda. Biroq Speransaning aytishicha, yangi cheklovlar kiritilishida iqtisodiy omillar asosiysi hisoblanmaydi. “Salomatlik uchun kurashdagi g‘alaba iqtisodiy va moliyaviy tiklanishning garovi hisoblanadi”, deb aytgan vazir.

Oxirgi haftalarda Italiyada yangi kasallanish holatlari soni deyarli har kuni o‘sib bormoqda. Bu asosan ta'tildan qaytayotgan fuqarolar hisobiga yuz bermoqda. Biroq bu o‘sish Yevropaning boshqa davlatlari, jumladan, Ispaniya, Fransiya va Germaniyadagi kabi yuqori emas. 

25 avgustda Italiyada 876 ta yangi kasallanish holati qayd etilgan. Umumiy hisobda kasallanganlar soni 261 mingdan ortgan. Ulardan 35445 kishi vafot etgan.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid